French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukumatlararo komissiya majlisi
15:54 / 2015-11-12

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12-noyabr kuni Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Latviya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12-noyabr kuni Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Latviya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan-ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, axborot texnologiyalari, transport va transport kommunikatsiyalari, temir yo‘l, aviatashuv, tranzit, logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda ham rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yil oktabr oyida Latviyaga davlat tashrifi, Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning 2014-yil may oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi izchil taraqqiy etayotgan o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.

O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Savdo-sanoat, sarmoya, transport va yuklar tranziti, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, sayyohlik, standartlashtirish, fan-ta’lim kabi sohalar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan. Iqtisodiyot, savdo va sanoat sohasida O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olishga oid kelishuvlar amal qilmoqda.

Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. O‘zbekiston Latviyaga yuqori sifatli paxta tolasi, meva-sabzavotlar, qayta ishlangan neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, rangli metall va boshqa tovarlar eksport qiladi. Latviya mamlakatimizga uskunalar, transport vositalari, dengiz mahsulotlari, plastmassa yetkazib beradi, logistika xizmati ko‘rsatadi. 2014-yilning aprel oyida Riga shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. Savdo uyiga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar yetkazib berilmoqda.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2014-yilda bu ko‘rsatkich 245,7 million, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida qariyb 135 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekistonda Latviya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 32 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mebelsozlik, neftni qayta ishlash, to‘qimachilik, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, poligrafiya, transport va logistika, ulgurji savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda Latviyaning 16 kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.

Hukumatlararo komissiya majlisida O‘zbekiston va Latviya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishdan, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz yuklar tranziti, logistika, transport va transport kommunikatsiyalari, ilm-fan, sayyohlik, xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Latviya delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat samaralari, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish lozimligi ta’kidlandi.

– O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkoridir, – dedi Latviya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vaziri, komissiya hamraisi Kaspars Gerxards. – O‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorligimiz iqtisodiyot, savdo, transport, tranzit, logistika, qishloq xo‘jaligi, standartlashtirish, sayyohlik kabi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. O‘zbekiston va Latviya ishbilarmonlarining muntazam uchrashuvlari o‘zaro savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy aloqalarni yanada kengaytirishga, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini kashf etish va biznes loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatidamiz.

Tadbirda o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Latviya ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy muhitga, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, xususiy sektor, transport, tranzit va logistika, sayyohlik kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish masalalari muhokama qilindi. Fan va texnika, import-eksport, yuk tashish, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga Latviya kompaniyalarini keng jalb etish yuzasidan fikr almashildi.