Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hukumat soati”da suv xo‘jaligi vaziri javob berdi
14:53 / 2023-11-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlardan samarali foydalanish, suv tejash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, sohadagi xodimlarning mehnat havfsizligini ta’minlash hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masalani muhokama qildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev javob berdi.  

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda.  

Aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.  

Sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 1,2 mln. gektarga yetdi. Jumladan, 2017-2023 yillarda respublika bo‘yicha jami 472 ming gektarda tomchilatib, 48 ming gektarda yomg‘irlatib, 24,6 ming gektarda diskret, 63,5 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.  

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 51 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi. Har yili suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan o‘rtacha 7 mlrd. metr kub suv resusrlarini iqtisod qilishga erishilmoqda.  

“Hukumat soati”da deputatlar suv xo‘jaligi tizimidagi qo‘shni davlatlar hududida joylashgan suv xo‘jaligi davlat tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning mexnat xavfsizligini ta’minlash hamda ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi.  

Mazkur savolga suv xo‘jaligi vaziri tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.  

Qayd etilganidek, bugungi kunda Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasida 919 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritmoqda. Shundan Turkmaniston davlati hududida joylashgan suv xo‘jaligi ob’ektlarida 700 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning mexnat xavfsizligini ta’minlash uchun joriy yilda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan.  

Shuningdek, Turkmaniston davlatida joylashgan suv xo‘jaligi ob’ektlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida oylik ish haqlariga qo‘shimcha o‘rtacha 40 foiz miqdorda rag‘batlantirilgan.  

Shu bilan birga, ish vaktidagi avariya xodisalarining oldini olish maqsadida texnika xavfsizligi va fukarolarning muhofazasi yuzasidan muntazam o‘kuv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Xodimlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, qutqaruv jiletlari, ximoya kaskalari va yong‘in o‘chirish moslamalari hamda birinchi yordam dori-darmon qutilari bilan to‘liq ta’minlangan.  

Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini joriy etish, davlat-xususiy sheriklik tizimini yo‘lga qo‘yish, raqamlashtirish orqali suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida savollar berishdi.  

Sh.Hamroyev ta’kidlashicha, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021 - 2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan uch yil davomida 124 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Amalda 163 ta loyiha bo‘yicha xususiy sheriklar bilan bitimlar imzolandi.  

Bundan tashqari, bugungi kunda 363 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Samarqand viloyatida Narpay tumani, Toshkent viloyatida Yuqori Chirchiq tumani, Jizzax viloyatida Do‘stlik tumani, Qashqadaryo viloyatida Kasbi va Nishon tumanlari, Sirdaryo viloyati Sardoba va Oqoltin tumanilari suv xo‘jaligining funksiyalari to‘liq xususiy sektorga o‘tkazilib, belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.  

Shuningdek, so‘nggi uch yil davomida suv xo‘jaligi ob’ektlarida 8 371 ta “Aqlli suv”, 6 537 ta “Dayver” qurilmalari o‘rnatilib, 58 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektining boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirildi, 1 479 ta nasos stansiyada suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi qurilmalar o‘rnatildi.  

Savol-javob va muhokamalarga boy bo‘lgan “Hukumat soati”da deputatlar suv resruslaridan samarali foydalanish, suv tejash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni yanada jadallashtirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.  

O‘zA