Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov javob berdi.
Vazir o‘z axborotida qayd etganidek, Prezidentimizning 2020 yil 27 noyabrdagi tegishli farmoni bilan qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021—2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlangan. Uning ijrosi yuzasidan vazirlik tomonidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir yo‘nalishda mas’ullar belgilangan va hozirga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi deyarli to‘liq ta’minlangan.

Vazirning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar jami 439 ta bosh rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, shundan 119 tasi shahar va 314 tasi shaharcha bosh rejalari, 1 ming 776 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari sanaladi. Shuningdek, 108 ta qishloqlarni rivojlantirish sxemalari ishlab chiqilib, viloyatlar jamoatchilik va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari muhokamasidan o‘tkazildi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalari esa 7 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatmoqda. 2025 yilda 353 ming 85 ta ob’ekt bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, vazirlikning 120ga yaqin funksiya va vazifalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi baholanib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan funksiyalar bo‘yicha reyestr shakllantirilgan holda, ularni bartaraf etish bo‘yicha dastur tasdiqlandi.
Yangidan qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan ob’ektlarning loyiha hujjatlarini sifatli ishlab chiqish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida loyiha tashkilotlari elektron reyting baholash platformasi tashkil etildi. Elektron reyting tizimi ishga tushirilgandan keyin korxonalarning aylanma mablag‘lari 41 trillion so‘mga, maxsus texnikalar soni 2 barobarga, band bo‘lgan aholi soni esa 58 foizga ortgan.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qurilish jarayonlarida ekologik talablar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etilganidek, sohada ekologik talablarni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ekologik ekspertiza bo‘yicha qonun talablarini buzganlik uchun jarimaga tortish qonunchilikda mustahkamlandi.
Shu bilan birga, yaqinda qabul qilingan tartibga ko‘ra, yirik qurilish ob’ektlarida chang chiqishini kamaytirish uchun maxsus suv purkagichlar va changni ushlovchi qurilmalar majburiy o‘rnatiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida ko‘p kvartirali uylarni energiya tejovchi materiallar bilan qoplash, issiqlik ta’minotini yaxshilash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 36 foizdan 70 foizgacha yetkazish, tizimdagi yo‘qotishlarni esa 38dan 12 foizgacha qisqartirishga erishiladi.

2025-2029 yillar davomida jami 14 mingga yaqin individual issiqlik punktlari o‘rnatish orqali 16 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minoti tizimi ochiq tizimdan “yopiq tizim”ga o‘tkazilishi natijasida 34 million metr kub tabiiy gaz va 15 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishga erishiladi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, xalq vakillari milliy shaharsozlik normalarini qayta ko‘rib chiqish va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida qanday ishlar olib borilayotgani bilan qiziqdilar.
Bunga javoban vazirlik vakili 2021—2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyada qurilish sohasidagi tartib-taomillarni soddalashtirish maqsadi qo‘yilgani, bu borada oxirgi 5 yilda 1000 dan ortiq xalqaro standartlar qabul qilingani, 2,5 mingdan ortiq milliy va davlat standartlari xatlovdan o‘tkazilganini aytib o‘tdi.
“Hukumat soati”dagi qizg‘in muhokamalarda deputatlar soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflar berdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA