French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hukumat soati”: Narx-navo oshmasligi, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
17:23 / 2025-09-10

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.

Ushbu masala yuzasidan deputatlarning savollariga qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov javob berdi.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotida eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. Oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligini ta’minlash, qolaversa, eksport ulushida sohaning o‘rni dolzarb. Shu bois ham mazkur sohaga investitsiyalarni jalb qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

“Hukumat soati”da ta’kidlanganidek, sohani raqamlashtirish va qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga zamonaviy agroxizmatlarni ko‘rsatish maqsadida 20 dan ortiq yangi axborot platformalari ishga tushirildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida eksportbop mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirishni rag‘batlantirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Meva-sabzavot yetishtiruvchilarga mahsulot yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlash mexanizmi joriy qilindi.

Ma’lumki, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar (subsidiyalar), soliq imtiyozlari joriy etilib kelinmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar byudjetdan qariyb 2,5 trillion so‘m mablag‘ suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun yo‘naltirilgan. Natijada 2016 yilgacha respublikada suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydon 18,9 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,5 million gektarga yetdi.

Vazir axborotida keltirilganidek, joriy yilda 26 mingdan ortiq fermerlar bilan 135 ta klaster o‘rtasida 1,9 million tonna hosil uchun fyuchers va 965 ming hosil uchun forvard shartnomalari imzolangan. 

“Hukumat soati”da qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, sotish va xizmatlar ko‘rsatish sohalarida o‘zaro kooperativ munosabatlarni joriy etishning to‘liq mexanizmlari belgilangan. Shuningdek, kooperativlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar yaratildi. 

Sohadagi amaliy chora-tadbirlar natijasida 2025 yilda fermer xo‘jaliklari ixtiyoriy birlashib, meva-sabzavotchilikda 171 ta, paxtachilikda 66 ta yangi kooperativlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Muhokamalarda deputatlar joylardagi uchrashuvlarda hamda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan vazirga bir qator savollar bilan murojaat qildi. Jumladan, haligacha ayrim fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar o‘rtasida moliyaviy muammolar mavjudligi, suv taqsimoti borasida muammolar borligi aytildi. 

Shuningdek, deputatlar kuz-qish mavsumida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini saqlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratdilar. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan qiziqdilar.

Qayd etilganidek, 2024-2025 yillar qish va bahor mavsumida 651 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arilgan. Shundan 258 ming tonna kartoshka, 117 ming tonna piyoz, 186 ming tonna sabzi, 89 ming tonna guruch zaxirasi yaratilgan. Narx-navo keskin oshishining oldini olish, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida zaxira qilingan mahsulotlarni 2025 yilning yanvar-may oylarida ichki iste’mol bozorlarida alohida rastalardan bepul foydalangan holda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2025-2026 yillar qish-bahor mavsumida ham aholining asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingani, bu bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Qizg‘in muhokama va savol-javoblar davomida xalq vakillari soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflarni berib, kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib oldilar. 

Muhtarama Komilova, O‘zA