Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Hukumat soati»: Behzod Musayev tibbiyot sohasidagi savollarga javob berdi
16:58 / 2022-08-10

Prezidentimizning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazgan «ochiq muloqot»i Yangi O‘zbekiston tarixida yangi davrni boshlab berdi.

Muloqotda sohaning barcha yo‘nalishlarida keyingi 5 yil uchun muhim strategik yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi. Mazkur vazifalar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika davolash profilaktika muassasalarining 200 nafar tibbiyot xodimlari joylarga chiqqan holda bugunga qadar respublikaning 11 ta hududida ommaviy tibbiy ko‘rik tadbirlarini o‘tkazdi.

"Mahallabay" ish tartibida tashkil etilgan tadbirlarda aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, kasalligi aniqlangan 275 ming nafar bemorlardan 210 ming nafari ambulator, 65 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi «Hukumat soati»da Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ushbu ma’lumotlarni qayd etdi.

«Hukumat soati»da deputatlar «Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, sohaga ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanish, olis va chekka hududlarda tibbiyot punktlarini tashkil etish hamda ularni kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida»gi masalani muhokama qilar ekan, sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qator savollar bilan murojaat qildilar.

Xususan, xalq vakillari aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish va tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha qanday ishlar qilinayotgani bilan qiziqdi.

Qayd etildiki, joriy yilning olti oyida 76 ta oilaviy shifokor punkti, 20 ta oilaviy poliklinika, 505 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Sohada olib borilgan islohotlar natijasida ixtisoslashgan markazlar soni 10 tadan 24 taga, ularning hududlardagi filiallari esa 2 tadan 269 taga ortdi. Hududlardagi yuqori texnologiyali amaliyotlar ulushi 5 foizdan 30 foizga yetkazildi.

Vazir olis va chekka hududlardagi oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlarini «Qishloq shifokori» dasturi doirasida kadrlar bilan ta’minlash hamda shifokorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha savollarga javob berar ekan, ushbu Dastur doirasida olis va chekka hududlardagi shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanganini ta’kidladi.

Ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi qoplab beriladigan bo‘ldi. Olis hududlarning 39 tasida oilaviy poliklinika, 86 tasida oilaviy shifokor punkti mavjud bo‘lib, ularning 70 tasida shifokor tanqisligi bor edi. Ayni vaqtda 70 nafar shifokor 82 shtatda ish bilan ta’minlanib, barcha shifokorlarga 30 million so‘mlik to‘lov amalga oshirilgan.

«Hukumat soati»da Behzod Musayev deputatlar doim joylarda xalq bilan muloqotda bo‘lishini e’tirof etib, hududlarda tibbiyot sohasida aniqlangan kamchilik va muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan takliflar berishini, deputatlik so‘rovlari bilan chiqishlarini bildirdi. Xalq vakillari bilan o‘zaro hamkorlikda, hamfikrlilikda ishlash sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishda, aholiga qulaylik yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA