English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukumat qarorining ayrim bandlari nega bajarilmayapti?
11:33 / 2023-02-22

Qaror va ijro

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, alohida sport turlarini rivojlantirishga doir qabul qilingan qarorlardan maqsad aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarimizning sport salohiyatini xalqaro miqyosda yanada yorqinroq namoyish etishdir.  

Xo‘sh, ushbu qarorlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanyaptimi? Joylarda, tegishli sport tashkilotlarida soha rivojiga xizmat qilishi nazarda tutilgan davlat rahbari topshiriqlari, ko‘rsatmalari ijrosi qanday?  

Biz bugungi rejalar ertaga to‘g‘ri kelmaydigan, voqealar rivoji zamonaviy yondashuvni talab etadigan shiddatli davrda yashayapmiz.  

Shu ma’noda, o‘tgan yillarda qabul qilingan ayrim qarorlarning qaysidir bandlari bugungi kun talabiga mos kelmayotganligi ham bor gap. Ammo vaziyatdan unumli foydalanayotgan, qalovini topib “qor yog‘dirayotgan”larning harakati tufayli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Darhaqiqat, mazkur qarorlar samarasida jismoniy tarbiya va sport sohasining turli yo‘nalishlarida katta-katta yutuqlarga erishayotganlar bor. Ularning fidoyiligi tufayli o‘n yillar davomida “muzlab qolgan” qoyalar erib, quyosh nuridan bahra olgan kengliklardek jismoniy tarbiya va sport sohasi yashnash, yasharish sari yuz tutmoqda.  

Birgina shaxmat sport turini olaylik. Davlatimiz rahbarining e’tibori va qabul qilingan qarorlarning hayotbaxsh epkini, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasida islohotlarning samarali olib borilayotgani mamlakatimizda “aql gimnastikasi” bilan professional shug‘ullanayotgan yoshlar safi kengayishiga, xalqaro musobaqalardagi ishtiroki yanada ortishiga, bu Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Javohir Vohidov singari iste’dodli yoshlarimizning nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga xizmat qilmoqda.  

Xuddi shunday fikrni boshqa sport turlari misolida ham aytish mumkin.  

O‘tgan asrning 80-90 yillarida yurtimiz yoshlari orasida sharq yakka kurashlari, ayniqsa, karate, taekvondo, ushu kabi yo‘nalishlar juda ommalashgan, ammo, sobiq ittifoq tizimidagi “ola qarash”lar bu sport turlarining aholi orasida keng yoyilishiga, mashg‘ulot zallari ochilishiga monelik qilardi. Shunday bo‘lsa-da, sharqona yakka kurashlarga mehri tushgan murabbiylar yopiq joylarda, yer to‘lalarda yoshlarga yakka kurash sir-sinoatlarini o‘rgatib kelardi.  

Ayni holat keyinchalik yurtimizda karate, taekvondo, ushu va boshqa sharq yakka kurashlarning mohir ustalari kamol topishiga zamin yaratdi.  

Afsonaga aylangan O‘zbekiston karatechilari, Sharq-u G‘arbni lol etgan taekvondochi va ushuchilari keyinchalik yurtimizda ushbu sport turlarining rivojiga munosib hissa qo‘shdi.  

Bugun mamlakatimizda erishilayotgan mazkur sport yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatlarning tag zaminida o‘sha yillardagi mehnatlar, izlanishlar mujassam desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Birgina Olimpiya sport turi hisoblangan taekvondo((WT) bo‘yicha o‘tgan 5 yil narisidagi natijalar bilan keyingi 2-3 yillik yutug‘-u muvaffaqiyatlarni taqqoslasak, ajib manzaraga guvoh bo‘lasan, kishi. Boisi, 2019 yilgacha yurtimiz taekvondochilari orasida bironta ham Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, kattalar o‘rtasida jahon chempionlari yetishib chiqmagan bo‘lsa, 2022 yilning so‘ngiga kelib 1 nafar taekvondochimiz Ulug‘bek Rashitov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari g‘olibligiga, Svetlana Osipova Meksikada kattalar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionati oltin medaliga, Niyaz Po‘latov jahon chempionati kumush medaliga, Nikita Rafalovich va Feruza Sodiqova bronza medali sohibligiga erishdi.  

Bundan tashqari, birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimiz taekvondochilari xalqaro musobaqalarda 31 ta oltin, 21 ta kumush, 42 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdiki, bu, dunyo sport maydonlarida taekvondochilarimiz g‘alabasi sharafiga o‘ttiz bir marta O‘zbekiston madhiyasi yangrab, 94 marotaba Vatanimiz bayrog‘i yuksaldi, deganidir.  

Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi esa bu sport turining rivojlanishida yangi istiqbollarni belgilab berdi.  

Mazkur qarorga binoan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarorida O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi tizimida O‘zbekiston taekvondo akademiyasi hamda 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlarini tashkil etish belgilangan. Bu joylarda yoshlarimiz uchun zamonaviy sport majmualari qurilishi, o‘nlab yigit-qizlarimiz chet el sport ta’lim muassasalarida tahsil olishiga sharoit va imkoniyat yaratilishidan dalolat.  

Bunday hayotbaxsh ishlarning amalga oshishi mahoratli sportchilar safi kengayishi, aholi orasida sportga qiziqish yanada ortishi, eng muhimi, Yangi O‘zbekistoning yangi g‘alabalari, yangicha hayot tarzi shakllanishiga muhim omil bo‘ladi.  

Qarorda 2023 yil 1 fevralga qadar hududlarda ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlarini tashkil etish uchun belgilangan tartibda foydalanilmayotgan bo‘sh binolarni O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmalariga vaqtinchalik foydalanish uchun bepul ajratish va belgilangan muddatlarda mazkur markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish keltirib o‘tilgan bo‘lsa-da, joylardagi mutasaddilarning e’tiborsizligi sabablimi, hamon  O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining biron bir hududiy bo‘linmasi joy bilan ta’minlanmagan.  

Taassufki, sport turlarini ommalashtirishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilib, zarur vositalar ishga solinib, kerakli tarzda e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, taekvondo sport turini rivojlantirish borasidagi ayrim ishlar “otangga bor, onangga bor” qabilida o‘lda-jo‘lda qolayotir. Bu Prezident qarori ijrosiga e’tiborsizlikdan boshqa holat emas, nazarimizda.  

Yana bir gap. Qarorlar ijrosiga e’tiborsizlik ko‘rsatilayotgan bir paytda joylardagi sport tashkilotlari, ayniqsa, yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga jonfidolik ko‘rsatayotgan, erta-yu kech mashg‘ulot zallarida chempionlarni kamolga yetkazish uchun ter to‘kayotgan murabbiy-mutaxassislar mahalla faollari, fidoyi insonlar ko‘magida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, befarqlikni talabchanlikka aylantirishi lozim emasmi?  

Sport sohasidagi muhim hujjatlar ijrosi o‘z vaqtida  ta’minlanishi o‘zbek sporti yanada rivojlanishi, yoshlarimiz o‘zlarining yorqin natijalari bilan dunyoni hayratlantirishiga kuchli zamin bo‘lib xizmat qiladi, albatta.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA