Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukumat qarori ijrosi o‘rganildi
11:33 / 2020-11-10

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida bugungi kunda 202 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan izchil tadbirlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21 sentyabrda qabul qilingan «2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Aholida tadbirkorlik ishtiyoqi bo‘lsa, hech qachon birovning qo‘liga qarab qolmaydi. Keyingi yillarda bu yerda tadbirkorlar safining kengayib borayotgani farovonlikka xizmat qilayapti. Zarkent, Yakkatut, Arabmozor, Qumariq kabi qishloqlarda ishning ko‘zini biladigan insonlar ko‘plab topiladi. Ayniqsa, tomorqachilikda o‘ziga xos maktab bor. Ayni kunlarda ana shu imkoniyatlar faol ishga solinib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. 1 ming 887 ta loyihalarni amalga oshirishga 896,8 milliard so‘m mablag‘ sarf etish ko‘zda tutilgan.

– Qisqa vaqt ichida 16 ta investitsiya loyihalarini ishga tushirishga erishdik, – deydi tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kamoliddin Umarov. –“Zar eko plast”, “Sunshine textile”, “Zara invest plast”, “Oil magnat” kabi korxonalar dastlabki mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berdi. “Agro impex valley” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi tomonidan 2 million 200 ming dollarlik loyiha evaziga quvur profillari hamda avtomobillar uchun yuqori kuchlanishli o‘t oldirish o‘tkazgichlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Albatta, bu bitta yo‘nalishdagi ishlar xolos. 2020-2022 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturida barcha yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tumandagi ta’mirga muhtoj avtomobil hamda ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz va aloqa-kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Hozirga qadar 127 kilometr avtomobil yo‘llari joriy ta’mirlandi, 3 kilometr ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Shuningdek, mahallalarga ko‘cha chiroqlari o‘rnatilyapti, aholi suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlanmoqda.

“Piyozchilik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 39 –umumta’lim maktabi xaroba ahvolga tushib qolgan edi. Dastur doirasida mazkur ta’lim maskani butunlay qayta ta’mirlanyapti. “Baraka fayz invest” korxonasi quruvchilari 2 milliard 500 million so‘m mablag‘ hisobidan sifatli qurilish ishlarini olib borishmoqda. Tez yordam bo‘limi binosi, “Nayman” madaniyat markazida ham rekonstruksiya ishlariga kirishildi.“Sadda” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘yingohda zamonaviy sport majmuasi qad rostlayapti.

Tumanda 1 ming 557 ta ehtiyojmand oila “temir daftar”ga ro‘yxatga olingan. Sektor rahbarlari tomonidan ularni kambag‘allikdan chiqarish, daromad manbai topishiga ko‘maklashish uchun chora-tadbirlar belgilab olingan. 2 ming 937 nafar oila a’zolarining bandligi ta’minlanadi, 64 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiyalar ajratish boshlandi. Ikki yil davomida ularga har tomonlama ko‘mak beriladi.

Toshloq tumanida davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida amalga oshirilayotgan bu keng ko‘lamli ishlar avvalo, aholini hayotdan rozi qilishga qaratilgandir. Zero, ular ishli bo‘lib, daromad ko‘rsa, baxtli hayot kechirishiga zamin yaratilgan bo‘ladi. Aslida islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham shu.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA