Buxoroda Respublika hukumati komissiyasi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mazkur komissiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov tomonidan ishbilarmon doira vakillari murojaatlari atroflicha o‘rganildi.
Tadbirda Respublika Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Biznes Ombudsman, Respublika Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Markaziy banki, Davlat Soliq hamda Bojxona qo‘mitalari, shuningdek, viloyat sektorlari rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari qatnashdi.
2020 yilgi murakkab pandemiya davriga qaramasdan viloyatda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2016 yildagi 79 tadan 305 taga yetdi. Ayni paytgacha 212 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Yil yakuni bilan umumiy qiymati 240 million AQSH dollaridan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilib, yillik prognoz yuz foizga yetkazildi. Viloyatda amalga oshirilayotgan hududiy investitsiya dasturiga asosan joriy yil yanvar holatida jami 597 ta loyiha doirasida 6,6 trillion so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, 14 ming 893 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida band bo‘lgan kichik biznes sub’ekti soni 28 ming 200 taga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichning teng yarmi so‘nggi uch yilda tashkil etilganligi yoki vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan korxonalarning qayta tiklangani bilan ahamiyatli.
– Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 16-17 fevral kunlari viloyatimizga tashrifidan so‘ng istiqbolli loyiha sifatida bizga ham tumanlardan jami 1,5 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan edi, – deydi “Bukhara Brilliant Silk” MCHJ rahbari Baxtiyor Jo‘rayev.
– Ajratilgan yerlarda 13 million tup tut ko‘chatini o‘tqazib, plantatsiya tashkil etib, faoliyatimizni rivojlantirganmiz. Keyingi uch yilda 13 million AQSH dollari miqdorida xorijga mahsulot ayirboshladik. Lekin o‘tgan yili boshlangan pandemiya tufayli korxonamiz ishlab chiqarish quvvati 50 foizdan keskin pasayib ketib, hozirda 15 foizga tushdi. Sababi xom ashyo ta’minotida muammo yuz berib, tut plantatsiyalarimiz qisqarib ketdi. Ayni paytda viloyatning 5 ta tumanida tut palantatsiyamizga egamiz va buyurtma asosida ipak qurti yetishtirayapmiz. Bu bizni aslo qoniqtirmaydi va bankrotlik ostonasidan chiqib ketishimiz uchun bizga amaliy yordam zarur.
– «Xom ashyodan tayyor mahsulotgacha» tamoyili asosida Olot tumanida ip-kalavadan mato va bir necha bosqichda kiyim-kechak tikib tayyorlab, yuzdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaganmiz, – deydi “Olot Asaka tekstil” MCHJ rahbari Ahadullo Haqqulov.
– Endilikda faoliyatni kengaytirgan holda to‘quv trikotaj korxonasini ochishga qaror qilganmiz. Ammo bizga hozirda yer maydoni ajratib berilmayapti. Tuman hokimligidan taklif etilgan 2,5 gektarli maydon esa sobiq Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining stadioni bo‘lib chiqdi va unga respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan ruxsat berilmayapti. Agar bizga yer maydoni ajratib berilsa, yarim yilda loyihani amalga oshirib, qurilishni yakunlagan holda xorij texnologiyasini kiritib, ishni boshlardik. Asosiysi, bir yilga qolmasdan, mahsulotni eksportga tayyorlashimiz, qolaversa, yana kamida yuz kishini ish bilan ta’minlashimiz mumkin bo‘ladi.
[gallery-1870]
– Peshku tumani Afshona qishlog‘ida viloyatimiz mehmonlari, xorijiy sayyohlar uchun qadimiy – X asrga taalluqli tarixiy-etnik qishlog‘ini barpo etish tashabbusi ham bildirilgan, – deydi mahalliy tadbirkor, «Munirshoh-Mirahmad servis» MCHJ rahbari Mirahmad Boltayev.
– Ammo shu kunga qadar bizga ajratib berilishi lozim bo‘lgan 2 gektarli yer maydoni hududdagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli bo‘lib chiqdi.
Rasmiyatchilikdan xoli va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq-oshkora muloqotga kirishilgan tadbirda 373 ta murojaat kelib tushdi. Har bir murojaat tegishli mas’ullar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi. Ularni tizimli hal qilish maqsadida muddat va chora-tadbirlar belgilandi. Qolaversa, faoliyati va eksport imkoniyatlarini kengaytirmoqchi, biznes loyihalarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar va yoshlarga bank-kredit siyosati, alohida yer maydoni ajratish bilan bog‘liq o‘zgarishlar, soliq siyosatida ko‘zda tutilgan imtiyozlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqotda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov,Tohir Istatov (surat), O‘zA