Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukumat ko‘magida Umra ziyoratiga borgan sirdaryolik ziyoratchilar yurtimizga qaytib keldi.
18:06 / 2023-04-01

Ijtimoiy "daftar"larda ro‘yxatda turadigan xonadonlar vakillarning armonga aylanishi mumkin bo‘lgan orzulari ro‘yobga chiqdi. Sirdaryo viloyatidagi ehtiyojmand, shu bilan birga ibratli oilalar vakillaridan 100 nafariga davlatimiz tomonidan berilgan yo‘llanma asosida muborak kunlarda Umra ziyoratini amalga oshirish nasib etdi.

— Prezidentimizning joriy yil 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umraga yuborishda davlat tomonidan yordam berilishini taklif qilgan edi, — deydi viloyat bosh imom-xatibi Habibullo domla Zokirov. — Davlatimiz rahbari bu iltimosni qanoatlantirdi. Ana shu tashabbus asosida tuman va shaharlaridan 9-10 nafardan, jami 100 kishining ro‘yxati shakllantirildi. Bunda ziyoratga boruvchilarning mahallada, el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongani, muqaddas safarga borishga moddiy imkoniyati yetarli emasligi va boshqa jihatlar e’tiborga olindi.

Erta tong bilan sirdaryolik ziyoratchilarning bir guruhi Umra amallarini ado etib yurtimizga qaytib keldi.

— Muqaddas maskanlarimizni ziyorat qilish orzu-istagi qalbimning tub-tubida bor edi,  – deydi Sirdaryo tumanidagi "Ilg‘or" mahallasida yashovchi Jumagul Ashirbekova. — Hukumatimizdan, Prezidentimizdan bir umr minnatdorman. Ushalmas orzularim ushalib Ka’batullohni ziyorat etish nasib etdi.  

Guliston tumani "Ishonch" mahallasida yashovchi Maqsuda Pirmatova, Sardoba tumanilik Tojimirza O‘rinovlarning ham hukumatimiz ko‘magida Umra safariga borib kelgan barcha yurtdoshlarimiz qatorida quvonchlari, taassurotlari cheksiz. Safardan qaytgan vohadoshlarimizni tuman hokimlari boshchiligidagi jamoatchilik vakillari o‘z hududlarida kutib oldilar.

Shuhrat Suyarov, O‘zA