Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukmdor otasi tomonidan valiahdlikka munosib ko‘rilgan Jo‘ki Mirzo nega taxt vorisi bo‘la olmagan?
09:21 / 2024-10-15

Vatanimiz tarixidagi 15 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1406 yil (bundan 618 yil oldin) – shahzoda Mironshohning o‘g‘li, Amir Temurning nevarasi 24 yoshli Abu Bakr mirzo Malik Izzuddin Kurd bilan ittifoqchilikda Qora qo‘yunli turkman qabilasi amiri Qora Yusufga qarshi jang qildi. Ushbu jangda amirzoda Abu Bakr mag‘lubiyatga uchradi.  

1419 yil (bundan 605 yil oldin) – Mo‘g‘uliston xoni Xizrxojaxonning nabirasi, Sham’i Jahonning qizi Chig‘atoy malikasi Mehr Nigor Temuriylar hukmdori Shohrux Mirzoning 17 yoshli o‘g‘li G‘iyosuddin Muhammad Jo‘kiga turmushga chiqish uchun Hirot shahriga yetib keldi (ayrim manbalarda shahzodaning ismi Jo‘giy, Jo‘kiy tarzida ham qayd etilgan).  

Buyuk hoqon Shohrux Mirzoning farmoyishiga ko‘ra Hirotdagi Bog‘i Zog‘onda o‘tkazilgan to‘y tantanalarining boshida Gavharshodbegim turgan. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy o‘z asarida mazkur to‘y tafsilotlarini ham qayd etgan. Bazm kunlari oxiriga yetgandan keyin Malikani amirzodaga so‘rash uchun sovchi qilib jo‘natilgan amir Hasanko bilan birga kelgan elchilar o‘z yurtlariga qaytib ketishgan.  

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, G‘iyosuddin Muhammad Jo‘kining onasi malika Gavharshodbegimdir. Onasi uni yoqtirmagan. Otasi Shohruxning Muhammad Jo‘ki Mirzoni o‘ziga valiaxd qilish niyati bor edi, lekin Hirotda amaldagi hokimiyat Gavharshodbegim qo‘lida bo‘lib, devondagi muhim masalalarni hal qilishga Muhammad Jo‘kini yaqinlashtirmas edi.  

1420 yil (bundan 604 yil oldin) – Temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo Eronning shimoliy qismida, Shohrud daryosi bo‘yida joylashgan Bistom mavzesiga keldi va oriflar sultoni Shayx Abu Yazid Bistomiyning ziyoratiga kirishib, iltijo qilish vazifasini zohir etdi. Boyazid arabcha Abu Yazidning turkchaga aylantirilgan shaklidir.  

Fors so‘fiylik oqimining asoschilaridan biri Boyazid Bistomiy (vafoti milodiy 845 yil) Tayfuriya so‘fiylik tariqatining piri bo‘lgan. Uning bobosi islomni qabul qilgan zardushtiylardan bo‘lib, Boyazid Bistomiy butun umrini asosan Bistomda o‘tkazgan. Vafotidan keyin uni Sulton al-orifin laqabi bilan atay boshlaganlar. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi Bo‘stonbuva maqbarasiga ham Sulton Boyazid Bistomiy dafn qilingan joy sifatida nisbat beriladi.  

1867 yil (bundan 157 yil oldin) – qishloq xo‘jaligi sohasidagi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Rixard Shreder tavallud topdi (vafoti 1944 yil). U 1902 yildan umrining oxirigacha Turkiston qishloq xo‘jaligi stansiyasi (hozirgi akademik Rixard Shreder nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti)ga rahbarlik qilgan. 1904–1918 yillarda Turkiston qishloq xo‘jalik jamiyati prezidenti bo‘lgan. U 2004 yilda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.  

1908 yil (bundan 116 yil oldin) – yozuvchi, tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Mirzakalon Ismoiliy tavallud topdi (vafoti 1986 yil). U qatag‘onga uchrab, 1950–1955 yillarda qamalgan. Mirzakalon Ismoiliy jahon adabiyotining 200 dan ortiq namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.  

1912 yil (bundan 112 yil oldin) – O‘rta Osiyo temir yo‘lida Toshkent bilan Varshava orasida yo‘lovchi poyezdlarining qatnovni almashtirmasdan, manzilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boradigan harakati yo‘lga qo‘yildi.  

1915 yil (bundan 109 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazir (ism-sharifi Hakim Nazarov) tavallud topdi (vafoti 2008 yil).  

1922 yil (bundan 102 yil oldin) – tarixchi Mahmud Ochilovning ma’lumot berishicha, Buxoro shahrida Buxoro Davlat banki ish boshladi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Davlat banki tashkil qilinishi bilan Markaziy Xalq bankining barcha vazifalari unga olib berildi. Buxoro hukumati tomonidan Davlat bankiga 3 million tilla (oltin so‘m) ajratilgan.  

Boshqa bir hujjatda keltirilishicha, Buxoro Davlat bankining umumiy sarmoyasi (kapitali) 5 million oltin so‘m (Moliya nozirligi tomonidan 3 million oltin so‘m, Buxoro Davlat Savdo tashkiloti – Buxgostorg tomonidan 2 million oltin so‘m) qilib belgilangan. Buxoro Davlat bankining sho‘’balari Buxoro Respublikasining barcha yirik shaharlarida o‘z faoliyatini boshlagan.  

1992 yil (bundan 32 yil oldin) – o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasining elchixonasi ochildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasining elchixonasi 1995 yil 6 maydan faoliyat yurita boshlagan.  

1992 yil (bundan 32 yil oldin) – Moldova Respublikasi O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatiq munosabatlar 1994 yil 23 avgustdan boshlab o‘rnatilgan. 1994 yil noyabr oyidan boshlab esa O‘zbekistonda Moldova Respublikasining elchixonasi faoliyat yuritib kelmoqda.  

1994 yil (bundan 30 yil oldin) – Samarqandda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yillik yubileyi tantanalari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.  

2004 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.  

2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 35 moddadan iborat.  

2019 yil (bundan 5 yil oldin) – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimi qabul qilinganining 10 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy kengashning 7-sammiti arafasida «Integratsiya va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar» sarlavhali maqolasi Turkiyaning «Hurriyet. Daily» gazetasida chop etildi. Davlatimiz rahbarining ushbu maqolasi respublika matbuotida o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi.  

2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.  

2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga malakali o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi