Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hukm o‘zgarishsiz qoldirildi
11:37 / 2024-02-07

Ma’naviyati nuqsonli ayrim kishilar xatti-harakati oqibatini o‘ylamay ish tutib, jinoyatchi, degan tamg‘ani orttirib oladi. Bu jinoyatni sodir etgan shaxs ham bir oilaga bosh, farzandlarining otasi, nevaralarining bobosi, yana boshqa birovlarning qavmu-qarindoshi.

Afsuski, jinoyat yo‘lini tanlagan inson jismonan sog‘lom, tog‘ni ursa talqon qiladigan navqiron yoshda. Biroq u og‘irning ustidan, yengilning tagidan o‘tishni afzal ko‘rgan shaxs bo‘lib chiqdi.  

Sho‘rchilik O‘lmas Ochilov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) 2023 yil 21 avgust kuni ertalab soat 04:00 lar atrofida turmush o‘rtog‘i Xosiyat Mahmudova bilan o‘zaro tortishib qolgach, uning hovlida ko‘rinmayotganidan ajablanib, izlashga tushadi. Alohida xo‘jalik sifatida yashovchi kelini Dilbar Orolovaning xonadoniga boradi. Topolmagach, yana o‘z xonadoniga kelgach, turmush o‘rtog‘i Xosiyatning uyda ekaniga ko‘zi tushadi. Shu orada onasidan xavotirlanib, qo‘ng‘iroq qilgan o‘g‘li Hamdam Ochilov bilan telefonda tortishib qoladi.  

Shu lahzalarda turmush o‘rtog‘i Xoliyor Ochilov bilan gaplashgan Dilbar Orolova chamasi soat 07:00 larda qaynonasi Xosiyatni o‘z uyiga olib ketish uchun ularning yashash xonadoniga mahalla raisi, mahalla faoli va qaynopasi bilan keladi. O‘z uyida O‘lmas Ochilov kelini bilan og‘zaki tortishib qolib, o‘tirgan krovatida bo‘lgan oshxona pichog‘ini oladi va qo‘lida voyaga yetmagan farzandi Davron O‘lmasov bilan qochayotgan Dilbar Orolovani quvib yetadi. Uni o‘ldirish maqsadida ikkinchi voyaga yetmagan farzandi Doniyor O‘lmasov ko‘z o‘ngida o‘ta shafqatsizlik bilan orqa tomonidan badanining turli joylariga olti marta pichoq urib yiqitgan holda hodisa joyini tark etadi.  

Jabrlanuvchi Dilbar Orolovaga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan.  

Sudda sudlangan O‘lmas Ochilov aybiga to‘liq iqror va pushaymonlik bildirib, suddan qonuniy yengillik berishni so‘raydi.  

Ushbu jinoyat ishini Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi ko‘rib chiqqan. Ish hujjatlari atroflicha o‘rganilib, sudning hukmiga ko‘ra, O‘lmas Ochilovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.  

Hukmdan norozi bo‘lgan sudlanuvchi O‘lmas Ochilov himoyachisi bilan ishni qayta ko‘rishni so‘rab, Surxondaryo viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Shuningdek, jabrlanuvchi Dilbar Orolova ham davosi yo‘qligini ma’lum qilib, apellyatsiya tartibida shikoyat bergan. Yengil jazo berishni so‘ragan. Shunga asosan mazkur jinoyat ishi Surxondaryo viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, har bir holat qayta o‘rganildi. Shikoyatdagi vajlarga asos topilmadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudining hukmi o‘zgarishsiz, shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirildi.  

Xalqimizda ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan purma’no gap bor. O‘lmas Ochilov ham bu qilmishi uchun hayotining muayyan qismini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi. Zero, qonun ustuvor yurtda jazodan qochib qutilib bo‘lmaydi.    

Jasurbek Xudoyberdiyev,

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi.

O‘zA