Yurtimizda teatr san’atini xalqimizga tobora yaqinlashtirish borasida ko‘plab ijodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston davlat drama teatri jamoasining dramaturg Go‘zaloy Matyoqubova qalamiga mansub “Hukm” spektakli “Gulzor”, “Xadra” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi, shuningdek, barcha san’at ixlosmandlari uchun taqdim etildi.
Hayotiy voqelik, real shaxslarning faoliyatini mukammal o‘rganish asosida yaratilgan ushbu asar huquq himoyachisidek kasbning nechog‘li mashaqqati, zalvori, ulkan mas’uliyati haqida hikoya qilishi bilan diqqatga sazovordir.
Mo‘may daromad ilinjida risoladagidek faoliyat ko‘rsatib turgan “Gulshan” mehmonxonasini sun’iy tarzda bankrot qilish orqali, unga ega chiqish va katta biznes manbaiga aylantirish ilinjidagi kimsalarning qilmishlari qonun va insoniylik chegaralaridan chiqib bo‘lgandi. Bunday qora niyat yo‘lida ular begunoh insonlarga tuhmat qilish, aybsiz odamlarning taqdirini ostin-ustun qilib yuborishdan ham tap tortmaydilar. Sudya Zumrad G‘ulomova bu kirdikorlarni atroflicha o‘rganib, ularni fosh qilishga va nohaq ayblanayotgan odamlarni qamoq jazosidan xalos etishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq o‘z kasbiga, insoniylik burchiga sadoqat, vijdoniga bo‘ysunish sudya ayol uchun farzandlari va oilasiga tahdid, tuhmat kabi o‘ta og‘ir sinovlar evaziga to‘g‘ri kelishi mumkin edi...
Mazkur spektakl ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi doimiy kurash, oqni qoradan ajrata olish, haqiqat, qonun, insoniylik, vijdon va oriyat dunyoda hamma narsadan ustun ekani haqida ta’sirchan va hayotiy voqealar orqali hikoya qilishi bilan ahamiyatlidir.
Go‘zal Matyoqubovaning mohir jurnalist sifatida huquqiy yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalarida ko‘p yillar davomida mehnat qilgani mavzuga batafsil, professional kirib borishi va yondashishiga, uni atroflicha qamrab olishga, keng va tahliliy tarzda ochib berishiga imkon yaratgan.
Spektaklga atoqli rejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Olimjon Salimov badiiy rahbarlik qilgan.
Spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor – Bahodir Mirmaqsudov, sahnalashtiruvchi rassom – Laziz Yodgorov, liboslar bo‘yicha rassom – Rayhon Yo‘ldosheva. Sahna asari uchun musiqalarni Yunusjon Asqarov tanlagan. Rejissyor yordamchisi – Mehribonim Yusupova.
Spektaklda rollarni T.Mirmaqsudova, F.Meliboyeva, G.Hakimova, Z.Sattorov, A.Hazratqulov, K.Ziyodullayev, P.Normatov, Sh.So‘fiyev, I.Berdiyev, S.Xurramov, N.Asomova, A.Omonto‘rayev, A.Nodirboyev, S.Ozodov va boshqa aktyorlar ijro etgan.
Spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA