Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hujjatsiz yer uchastkalarini rasmiylashtirish haqida tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi
18:14 / 2026-02-03

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda hujjatsiz yer uchastkalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishning go‘yoki “uchta yo‘li” mavjudligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur ma’lumotlar fuqarolar o‘rtasida noto‘g‘ri tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘layotgani bois, ushbu masala yuzasidan Kadastr agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalo, tarqalayotgan ma’lumotlarda keltirilgan birinchi yo‘l qisman to‘g‘ri bo‘lsa-da, u to‘liq ma’lumotni qamrab olmaydi. Jumladan, 937-sonli qonun o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ushbu yerlarda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, mazkur qonunda faqat yerni o‘rab olib, unda hech qanday qurilish ishlari amalga oshirilmagan holatlar ko‘rib chiqilmasligi aniq belgilab qo‘yilgan.

Ikkinchi yo‘l esa mutlaqo noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki, Vazirlar Mahkamasi qonun emas, balki qarorlar qabul qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan reglament va nizomlar mavjud bo‘lib, ularda hujjatsiz yer uchastkalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish nazarda tutilmagan. Xususan, qarorning birinchi ilovasi doimiy foydalanish, ijara yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibini belgilaydi. Ikkinchi va uchinchi ilovalar esa tadbirkorlik hamda uy-joy qurish uchun bo‘sh yer uchastkalarini auksionga chiqarish qoidalariga bag‘ishlangan.

Uchinchi yo‘l ham amalda qo‘llanilishi mumkin emas. Fuqarolik kodeksining 187-moddasida egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat belgilangan bo‘lsa-da, Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga muvofiq, sud tomonidan mulk huquqi faqat imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori yoki unga qonuniy asosda egalik qilayotgan shaxsga nisbatan e’tirof etilishi mumkin. Hujjatsiz yer uchastkalari mazkur moddalar doirasiga kirmaydi va shu bois ularni 187-modda orqali rasmiylashtirish imkoni mavjud emas.

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bunday noto‘g‘ri axborotlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, shuningdek, turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan fuqarolardan faqat rasmiy manbalarga tayanish va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA