Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hujjatsiz uylarga huquqiy yechim (+video)
17:07 / 2026-02-09

O‘zbekistonda hujjatsiz yer uchastkalari va uy-joylarni qonuniylashtirish, mulk huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha keng ko‘lamli xatlov ishlari davom etmoqda. Amnistiya e’lon qilingan qonun doirasida o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar, shuningdek, hujjatlari to‘liq bo‘lmagan uy-joylarga nisbatan huquqiy yechimlar belgilanmoqda.

Mazkur jarayon fuqarolar orasida qator savollarni kun tartibiga chiqardi. Xususan, ortiqcha yer maydoni mavjud bo‘lgan holatlar, hujjatlar yo‘qolgan yoki umuman rasmiylashtirilmagan mulklarga nisbatan huquqlarni tiklash, shuningdek, qo‘shnilar o‘rtasidagi yer chegaralarini belgilash masalalari aholini qiziqtirmoqda.

Shu va boshqa dolzarb savollarga javob olish maqsadida Kadastr agentligi bosh mutaxassisi Bekzod Otabekov bilan suhbat tashkil etildi.

— Qonun doirasida qaysi holatlarda yer uchastkalariga huquq e’tirof etiladi?

— Qonunga muvofiq, agar hududlarda 1998 yil 1 iyulgacha yer uchastkalari chegaralari egallab olingani aniqlansa, 24 sotixgacha bo‘lgan yerlarga huquq e’tirof etilishi mumkin. Shuningdek, 2018 yil 1 maygacha yer uchastkalari chegaralari egallab olingan bo‘lsa, Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida 12 sotixgacha, tumanlarda esa 6 sotixgacha yer maydonlariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ko‘zda tutilgan.

— Hujjatsiz uyda yashayotganlar o‘z mulkini qonuniylashtira oladimi?

— Ha, bugungi kunda bunday imkoniyat mavjud. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi O‘RQ–937-son Qonun qabul qilingan. Ushbu qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan holatlar va toifalar bo‘yicha yer uchastkalari va bino-inshootlarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etiladi.

— Ortiqcha yeri bor fuqarolar yerdan ayrilib qolmaydimi?

— Yo‘q. Agar huquq e’tirof etilgan yer uchastkasidan ortiqcha yer maydoni aniqlansa, qonunning 12-moddasiga asosan ushbu ortiqcha qism dehqon yoki tomorqa xo‘jaligi sifatida ijara huquqi asosida rasmiylashtiriladi. Bu fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan norma hisoblanadi.

— Qo‘shnilar o‘rtasidagi chegara kim tomonidan va qanday belgilanadi?

— Yer kodeksining 30–31-moddalariga muvofiq, yer uchastkasining o‘zlashtirilganligi aniqlanishi lozim. Agar joyida devor, panjara yoki sim to‘siq bo‘lmasa, xatlov vaqtida kadastr mutaxassisi qo‘shnilarning ishtirokida o‘lchov ishlarini olib boradi. Qo‘shnilar o‘zaro kelishuv asosida chegara dalolatnomasiga imzo qo‘yadi va u mahalla tomonidan tasdiqlanadi. Shu tarzda nizolarning oldi olinadi.

Yer uchastkalari o‘rtasidagi chegaralar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Agar chegaraning rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan holati mavjud bo‘lmasa, mulk egasi qo‘shnilar bilan kelishgan holda chegarani belgilaydi. Keyinchalik kadastr organlari tomonidan ushbu yer uchastkasi xatlovdan o‘tkazilib, yig‘majild shakllantiriladi.

— Amnistiya kimlarga tatbiq etiladi?

— Qonun O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga taalluqli bo‘lib, undan qonun talablariga javob beradigan barcha shaxslar foydalanishi mumkin. Hozirga qadar respublika bo‘yicha 9 mingdan ortiq mahallaning 5 mingga yaqinida chegaralarga aniqlik kiritildi. 1 milliondan ortiq yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazildi. “E’tirof” tizimiga 430 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ekti muhokamaga kiritildi. Bugungi kunga kelib, 36 mingdan ortiq fuqaroga nisbatan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar Xalq deputatlari viloyat kengashlari qarorlari bilan e’tirof etildi. Shuningdek, 6 mingdan ziyod ko‘chmas mulk ob’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

— Xatlovdan o‘tmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

— Xatlov jarayonida fuqaroning amalda foydalanib kelayotgan barcha yer maydoni o‘lchanadi, tizimga kiritiladi va qonunning 16-moddasiga muvofiq muhokamaga qo‘yiladi. Ushbu muhokamada 18 dan ortiq vazirlik va idoralar ishtirok etadi. Har bir idora o‘z vakolati doirasida xulosa beradi. Ijobiy xulosa berilgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Agar yer uchastkasi yoki uy-joy xatlovdan o‘tkazilmasa, unga nisbatan huquq e’tirof etilmaydi. Bu esa mulkni sotish, hadya qilish, meros qoldirish, bo‘lish, shuningdek, doimiy ro‘yxatga qo‘yish kabi huquqiy va ijtimoiy masalalarda jiddiy cheklovlarga sabab bo‘ladi.

— Ijara huquqi bilan rasmiylashgan yerni keyinchalik mulk qilib olish mumkinmi?

— Albatta. Qonunning 30-moddasiga muvofiq, ijara huquqi asosida e’tirof etilgan yer uchastkasini belgilangan tartibda mulk huquqi sifatida rasmiylashtirish mumkin. Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.

— Hujjatlari yo‘q uy uchun jarima yoki buzish xavfi bormi?

— Qonunning 28-moddasiga ko‘ra, agar ushbu qonun doirasida huquqlar e’tirof etilmasa, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari qaytarilishi yoki ulardagi qonun buzilishlari belgilangan tartibda bartaraf etilishi mumkin.

— Xatlov va huquqlarni e’tirof etish jarayonlari qancha vaqtni oladi?

— Xatlov ishlari mahallalar kesimida tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘tkaziladi. Ob’ektlar tegishli idoralar tomonidan 2 oy davomida ko‘rib chiqiladi, jamoatchilik muhokamasi 1 oy davom etadi, adliya organlari esa 2 oy ichida huquqiy xulosa beradi. Yakuniy qaror mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi.

- Hozirgacha qancha ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi, qancha mahalla chegaralariga aniqlik kiritilgan, nechta ob’ekt «E’tirof» tizimiga kiritilgan?

— Hozirga qadar 1,1 milliondan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi, 811 mingtasining elektron ma’lumotlari shakllantirildi, 448 ming ob’ekt jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Shu kungacha 41 500 ta ob’ektga nisbatan huquqlar e’tirof etildi, 13 mingdan ortiq holat rad etildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GV6oiJC1Vgo" title="Hujjatsiz uylarga huquqiy yechim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA