Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Hujjatli kino kunlari" boshlandi
11:20 / 2022-09-15

Milliy matbuot markazida “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida "Hujjatli kino kunlari" tadbirining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov Toshkent xalqaro kinofestivali kinematografiyaning turli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, yangi va istiqbolli g‘oyalar uchun turtki berishini ta’kidladi. 



Rossiyaning "Masterskaya" kinokompaniyasi bosh prodyuseri Saida Medvedeva Toshkent xalqaro kinofestivali turli mamlakatlar kinochilarining o‘zaro fikr almashishi, tomoshabinlar bilan batafsil muloqot o‘rnatish, istiqboldagi rejalarni belgilashda, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ijodiy platforma vazifasini o‘tayotganini ta’kidladi. 

Keyingi yillarda O‘zbekiston hujjatli kinematografiyasi ham mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, madaniyat va ma’rifat, ilm-fan, iqtisodiyot, sanoat, axborot texnologiyalari, sport sohasida erishilgan yutuqlar aks ettirilgan yangi kinokartinalarni yaratmoqda. 

–O‘zbekiston shiddat bilan yangilanib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov. – Kechayotgan barcha islohotlarni boricha aks ettirish hujjatli  kino ustalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. 

"Hujjatli kino kunlari"da yurtimiz xronikal kino ustalari tomonidan yaratilgan filmlar bilan birga International co-production – hamkorlikda suratga olingan hujjatli kino mahsulotlariga ham keng o‘rin berilmoqda. 

Aytish joizki, rossiyalik kinoijodkor Saida Medvedeva hujjatli kino sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan, boy ijodiy tajribaga ega bo‘lgan prodyuser sanaladi. Inson mavzusi uning ijodida ustuvor o‘rin egallaydi. Yurtimiz ijodkorlari bilan birga Saida Medvedeva mamlakatimiz haqida "O‘zbekiston. Eng yangi tarix" hamda "Mening Prezidentim" hujjatli kartinasini suratga oldi. 

–Bu kartinalarning har birini suratga olish uchun bir yarim yil vaqt ketdi, – dedi rossiyalik prodyuser Saida Medvedeva. – Lekin yurtingizda qancha ko‘p vaqt bo‘lsak, bu diyorni, uning xalqini shuncha ko‘p yaxshi ko‘rib qolaverdik. Dunyoni o‘zgartirishga qodir inson eng baxtli insondir. O‘zbekiston xalqi o‘zini, atrofidagi voqelikni o‘zgartirishga intilmoqda. O‘zbekiston haqidagi har ikki kartina ham xalqing mehri-muhabbati, uning qaynoq yuragi taftidan bunyod bo‘ldi, desam yanglishmayman. 

"Hujjatli kino kunlari"ning ochilishida S.Medvedevaning "O‘zbekiston. Eng yangi tarix" hujjatli filmi namoyish etildi. 

Tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga batafsil javob qaytarildi. 

Nazokat Usmonova, 
O‘zA muxbiri