Hujjatlar raqamlashtirilmoqda
Mazkur hujjatda Davlat xizmatlari agentligi, xususan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari faoliyatini davr talabi darajasida takomillashtirish boʻyicha ham alohida vazifalar belgilandi.
Prezidentimizning joriy yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Mazkur hujjatda Davlat xizmatlari agentligi, xususan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari faoliyatini davr talabi darajasida takomillashtirish boʻyicha ham alohida vazifalar belgilandi.
Bu haqda Namangan viloyati Davlat xizmatlari boshqarmasining boshligʻi Ilhomjon Abdusattorov quyidagilarni gapirib berdi:
– Inson tugʻilganidan boshlab to umrining oxirigacha fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga koʻplab marta murojaat qiladi: tugʻilganlik haqidagi guvohnoma, oʻlim haqida maʼlumotnoma, nikoh tuzilganlik yoki nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar shu muassasa tomonidan rasmiylashtiriladi. Muxtasar aytganda, bu muassasada umrbodlik saqlanadigan hujjatlar xazinasi toʻplanadi. Ularni tartibga solish, sifatli saqlash, fuqarolar murojaatlariga koʻra kerakli paytda tezkorlik bilan qidirib topish, nusxa koʻchirib berish boʻlim arxivi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biridir.
Bu borada axborot kommunikatsiya texnologoiyalari rivojlangan hozirgi davrda imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda. Bugungi kunda har bir berilayotgan hujjat elektron arxiv bazasiga kiritib boriladi. Bu esa kelgusida fuqarolarning FHDYO arxividan maʼlumotlarni tezkorlik bilan elektron tarzda olish imkoniyatini beradi.
Davlat xizmatlari Agentlikning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan zaruriy texnika vositalari bilan taʼminlangani hamda qulay ish sharoitlari yaratilgani arxivariuslarning ish sifati va unumdorligida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shuningdek, xodimlarni oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashuvi, mehnat va ijro intizomiga rioya qilishi, maʼlumotlarning elektron bazaga xatosiz kiritilishini ragʻbatlantirish maqsadida har oy xodimlar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan “Oyning eng yaxshi arxivariusi” tanlovi ham yaxshi natija berayapti. Mazkur tanlov gʻolibi oyning oxirgi haftasida aniqlanib, u boshqarmaning diplomi va esdalik sovgʻasi bilan taqdirlanayotgani tizimda masʼuliyat va ishga munosabatdagi ijobiy oʻzgarishlarda oʻz ifodasini topayapti.
Endi esa hujjatlarni raqamlashtirish fuqarolarning vaqtini tejash va bir hujjat ortidan turli idoralar eshigi oldida navbatda turish muammolariga chek qoʻyish yoʻlidagi yana bir muhim qadamlardan biri boʻldi. Tasavvur qilib koʻring, avvallari biror bir hujjatni oʻzingizga qarashli FHDYO boʻlimidan olishingiz uchun qancha vaqt sarf etilardi. Ustiga-ustak ortiqcha qogʻozbozlikka olib kelardi. Raqamlashtirish tizimiga oʻtilayotgani koʻplab fuqarolarning sarson boʻlishini oldini olsa, idoralararo axborot almashinuviga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni, davlat idoralari koʻp maʼlumotlarni inson omilisiz olish imkoniyatiga ega boʻladi. Buning uchun esa, albatta, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirib, FHDYO sohasidagi hujjatlarni tezlashtirgan holda elektron shaklga keltirish darkor.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori mazkur sohani yana-da rivojlantirishga dasturil amal boʻlib xizmat qiladi. Qarorda 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirish, shuningdek, 2020-yil 1-sentyabrga qadar FHDYO organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlarning elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha xodimlarni vaqtincha ishga jalb etish va ularni joylashtirish choralarini koʻrish, zarur kompyuter va boshqa orgtexnika vositalarini xarid qilish vazifalari belgilandi. Bu maqsadlarga davlat byudjetidan 30 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi. Bu FHDYO sohasi faoliyatida tezkorlikni taʼminlash, pirovarida fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda viloyatdagi shahar va tuman FHDYO boʻlimlarida saqlanayotgan mavjud 4,5 millionga yaqin dalolatnoma yozuvlaridan 2,5 milliondan koʻprogʻi yoki 58 foizi “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritilishiga erishildi.