“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati komplayens xizmati tomonidan 2023 yilda 2392 ta ichki idoraviy hujjat korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Natijada 157 ta ichki idoraviy hujjat normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirildi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan 21 ta taklif ishlab chiqilib, tegishli tartibda amaliyotga joriy etish uchun taqdim etildi.
Bu haqda OAV vakillari va blogerlar uchun kombinat tizimida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida kombinat Komplayens xizmati boshlig‘i Rustam Avezov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yil davomida “ISO 37001:2016” Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standarti talabi bo‘yicha 17 ta ichki idoraviy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. “Qizilqum” kon boshqarmasida va Navoiy mashinasozlik zavodida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash o‘tkazildi.
2023 yilda Komplayens xizmati tomonidan 35 marotaba o‘rganish hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, shundan 13 tasi tegishli tartibda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Aybdor xodimlarga intizomiy javobgarlik choralari ko‘rildi. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan 24 ta murojaatning 12 tasi bo‘yicha xizmat tekshiruvi, 6 tasi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi va 6 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra mas’ullarga ijro uchun yuborildi.
Kombinatda o‘tkazilgan monitoringlar natijasida 5 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanib, bartaraf etilishi ta’minlandi. Xaridlar sohasida “Tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish” komissiyasi tomonidan 8 ta tender va 75 ta tanlash hujjatlari bo‘yicha tovar yetkazib beruvchilar hujjatlari ko‘rib chiqilib, qonuniylik ta’minlandi.
Xizmat tomonidan 2023 yil davomida kombinat bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishmoqchi bo‘lgan 85 ta kontragentning faoliyati tekshirildi. Tekshirish natijasida 22 ta kontragentning hujjatlari tegishli talablarga javob bermasligi aniqlanib, tuzatishlar kiritilishi ta’minlandi. Kombinat bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishuvchi xorijiy jismoniy va yuridik shaxs hamda banklarni sanksiyalar bo‘yicha nazorat qiluvchi komissiya tomonidan 13 ta kontragent hujjatlari sanksiyaviy nazoratdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2023 yil yakuni bo‘yicha 29 turdagi ma’lumot va hisobotlar “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritildi.
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida kombinatning www.nkmk.uz rasmiy veb-saytida hamda ichki portalda “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limlari joriy etildi. Mazkur bo‘limlarda ichki idoraviy hujjatlar, e’lon qilinishi belgilangan ma’lumotlar, murojaatlarni yuborish uchun tegishli aloqa kanallari, ijtimoiy videoroliklar hamda Komplayens xizmatining mas’ul xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan hamda ushbu ma’lumotlar doimiy tarzda yangilanib borilishi nazoratga olingan.
2024 yilda hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish, targ‘ibot tadbirlari va boshqa bir qator ishlar, shuningdek, kombinat boshqarmasi uchun ISO “37001:2016” xalqaro standarti muvofiqlik sertifikatini olish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri