French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hujjat – insonning mavjudlik belgisi
10:32 / 2025-07-31

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida istiqomat qiluvchi 74 yoshli Gavharoy Qurbonboyeva butun umri davomida sizu bizdek yashab, mehnat qilib, farzand tarbiyalagan bo‘lsa-da, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning mavjud emasligi sababli nafaqat shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi yozuvlarni rasmiylashtirish, balki meros masalasini hal etish, nafaqa ta’minotiga ega bo‘lish, ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish kabi muhim huquqiy jarayonlarda jiddiy to‘siqlarga duch keldi. Ayniqsa, meros masalasida bu holat yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida fuqaro Xovos tuman FHDYO bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat yuzasidan masala atroflicha o‘rganilib, adliya organlari ko‘magida sud tartibida Gavharoy Qurbonboyeva tug‘ilganligi fakti rasman tasdiqlandi.

O‘rganish jarayonida yana bir huquqiy muammo aniqlandi — fuqaroning onasi Hojaloy momoning ham o‘lim fakti  hech bir rasmiy hujjatda qayd etilmagan ekan. Bu holat ham belgilangan tartibda sud qarori orqali rasmiylashtirildi.

Bugungi kunda Gavharoy Qurbonboyeva barcha zarur hujjatlarga ega. Endi u ota-onasidan qolgan mulkni meros qilib rasmiylashtirishi, mulkiy huquqlarini to‘liq amalga oshirishi mumkin.

– Bugun mening ismim, tug‘ilgan sanam va umuman mavjudligim rasman e’tirof etildi. Bu faqat qog‘oz emas, balki inson sifatidagi haqim. Davlatim, FHDYO bo‘limi va adliya organlaridan minnatdorman. Ular menga “siz borsiz va sizning huquqlaringiz muhofaza qilinadi” degan ishonchni qaytarishdi. Endi bilamanki, har qanday hujjat — insonning o‘zligini tasdiqlovchi asosiy vosita,  – deydi Gavharoy Qurbonboyeva.

Ta’kidlash joizki, shaxsga oid hujjatlar — faqat rasmiy qog‘oz emas, balki insonning huquqiy maqomi, jamiyat va davlat oldidagi mavjudligi, tenglik va himoya kafolatidir. Shu bois, har bir fuqaro o‘z shaxsiy hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirishi va ularni asrashga mas’uliyat bilan yondashishi lozim.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri