Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarni yashillikka aylantirish umummilliy ishga aylanmoqda
15:42 / 2025-03-18

Bahor nafasi kezib yurgan ayni kezlarda barcha hududlarda obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Obodonchilik ishlari “yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tashabbuslarga ulanib ketdi. Qashqadaryo viloyatida ham bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar birdamlik bilan olib borilmoqda.

Masalan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatning Ko‘kdala tumanida “Jamoat tashkilotlari bog‘i” tashkil etildi. Tuman hududidan o‘tuvchi A-378 avtomagistral yo‘li yoqasida bog‘ tashkil etish jarayonida jami 1 ming 500 tupdan ortiq yasin va qayrag‘och kabi manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ushbu bog‘ viloyat hokimligi Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha kotibiyat tarkibiga kiruvchi soha tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Mazkur bog‘ yaratilishidan maqsad avtomagistral yo‘l bo‘yida ekologik muhitni yaxshilash, yashillik maydonlarini kengaytirish hamda aholi uchun qulay va toza muhit yaratishga qaratilgan.

Qamashi tumanida esa xurmo va anjir ko‘chatlari aholiga bepul tarqatilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 yanvardagi videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlariga muvofiq, aholi xonadonlarida xurmo va anjir ko‘chatlari ekilmoqda. 

Jumladan, “Agrobank” tuman filiali tomonidan tumandagi Ravot mahallasi aholisiga 1000 tup xurmo va anjir ko‘chatlari yetkazib berildi. 

Yaxshidan bog‘ qoladi deganlaridek, ko‘chat ekish ishlariga sportchilar ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda. 

Xususan, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida, tumandagi barcha sport ta’lim muassasalari xodimlari, sportchi-o‘quvchilar,  nuroniylar va keng jamoatchilik ishtirokida Koson tuman 1-sonli sport maktabida loyiha doirasida “O‘zbekiston – yashil makon” shiori ostida ko‘chat ekish ishlari olib borildi.

Shuningdek, sport maktabi hududida “Chempionlar bog‘i” tashkil etilib, 450 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Mazkur bog‘ barpo etilishida amaldagi va bo‘lajak chempionlar ham faol ishtirok etib, yashil hudud yaratishga o‘z hissalarini qo‘shdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasida barcha tuman (shahar)lardagi sport ta’lim muassasalarida mavsum davomida 2 ming 500 tupga yaqin iqlim sharoitiga mos manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.

Albatta bir kessang o‘nni ek, deydi dono xalqimiz. Daraxtzor va bog‘lar qancha ko‘p bo‘lsa, ekologik toza havo shunchalik ko‘payadi, iqlim salqinlashadi. 

Viloyatning Muborak tumani ham cho‘l hudud hisoblanadi. Ham hududdagi yirik sanoat korxonalarning borligi ekologik muvozanatga ta’sir qilmay qolmaydi. Buni yaxshi anglagan tuman aholisi va tashkilotlari hududda ko‘chat ekish ishlarini jadal olib borishga kirishgan. Jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Muborak tumani hokimligi hamkorligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil qilingan “Ziyolilar bog‘i” shular jumlasidan. 

Ushbu ezgu tadbirda Qarshi davlat universiteti rahbariyati, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari, “Yosh ekopatrul” volontyorlar guruhi a’zolari faol ishtirok etdi. Loyiha doirasida 300 tup sharq tuyasi, 200 tup qayrag‘och, 500 tup shumtol kabi daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Aytish joizki, hududlarda amalga oshirilayotgan ko‘chat ekish ishlarida “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari ham faol ishtirok etib, yashil hududlar kengayishiga hissa qo‘shmoqda.  

Darhaqiqat, bugun ekilgan nihollar kelajakda unib-o‘sib tuman hududiga ko‘rk bag‘ishlashi bilan bir qatorda, atrof-muhit ekologiyasining yaxshilanishiga ham hissa qo‘shadi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri