Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarni rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi parlament nazoratida
17:01 / 2023-08-10

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida hududni har tomonlama rivojlantirish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Viloyatning tuman va shaharlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid belgilangan vazifalar bajarilishi holati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borish maqsadida Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi senatorlardan iborat ishchi guruh Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida bo‘ldi.  

Ishchi guruh a’zolari Farg‘ona shahri va Yozyovon tumanidagi  “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha muassasalari va boshqa muhandislik-infratuzilma ob’ektlari qurilishi ishlarining borishi bilan tanishdi.  

Bunyodkorlik ishlaridagi sifat, belgilangan muddatda qurilish ishlarini yakunlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan muammolar mavjud ekanligi aniqlandi. Ularni hal etish borasidagi ishlar parlament nazoratiga olindi. 

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida qurilgan 300 o‘rinli davolash bo‘limi va 300 qatnovli qabul-tashxis bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanish asnosida Senat Raisi moddiy-texnik ta’minot ishlarini ko‘zdan kechirdi. Markaz faoliyatini yanada yaxshilash uchun zarur bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida, muloqot chog‘ida markazning bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan eski binosi kapital ta’mirlashga muhtojligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu masala yuzasidan ishchi guruh tomonidan zarur takliflar tayyorlanib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.  

Ishchi guruh Toshloq tumanidagi tibbiyot birlashmasida  amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari bilan ham tanishdi.  

Bundan tashqari, viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar qay holatda ekanligiga e’tibor qaratilib, mahallalarda fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 

Toshloq tumanidagi “Qanchirg‘a” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan muloqotlarda ma’lum bo‘ldiki, hududdagi Furqat, Alisher Navoiy, Ijodkor, Qanchirg‘a, Zulfiya va Yoshlik ko‘chalarida istiqomat qiluvchi 3 ming nafardan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Hozirda bu boradagi ishlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.  

O‘rganishlar davomida mahallada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham borligi aniqlandi. Muloqot chog‘ida mahalla hududida o‘rnatilgan yangi elektr uzatish ustunlariga elektr simlari tortilmagani bildirildi. Ishchi guruh aralashuvi bilan masala hal etilib, shu kunning o‘zida ishlar boshlab yuborildi.  

Tumandagi 10-sonli umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari doirasida maktabning isitish tizimida olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, xususan, isitish tizimini yangilash bo‘yicha bajarilgan ishlar holati tahlil qilindi.  

Ishchi guruh Rishton, Bag‘dod, Furqat, Yozyovon, Farg‘ona kabi boshqa tuman va shaharlarda ham bo‘ldi. Mahalladagi beshlik faoliyati, aholi turmush sharoiti, ta’lim muassasalari, tibbiyot maskanlari kabi ijtimoiy ob’ektlardagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammo hamda to‘siqlar yuzasidan suhbat olib borildi.  

Ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishildi. Jumladan, Bag‘dod tumanida 38-sonli hamda 31-sonli umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlariga e’tibor qaratildi.  

O‘rganishlar davomida mazkur ta’lim muassasalaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun loyiha-smetadagi  mablag‘lar vaqtida ajratilmagani aniqlanib, muammo joyida hal etildi.  

Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari hunarmandlar va tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi takliflar olinib, o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.  

O‘ranishlar yakuni yuzasidan viloyat hokimligi binosida yig‘ilish o‘tkazilib, unda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barcha jarayonlarida mahalliy kengash deputatlari faol nazorat olib borishi zarurligi qayd etildi.  

Mavjud muammolar tizimli hal etilishi, amalga oshirilayotgan ishlar rejaga muvofiq o‘z vaqtida bajarilishi borasida viloyat, tuman va shahar hokimligi mas’ullari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari rahbarlariga tegishli tavsiyalar berildi.  

N.Abduraimova, O‘zA