Yaponiya taraqqiyotiga xizmat qilib kelayotgan jihatlar ko‘p, biroq o‘zgarmagan bir omil bor: ishchan, millatiga o‘ta sodiq boshqaruv tizimi va davlat xizmatchilari.
Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangan “Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga yangicha yondashuv: Yaponiya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida shular haqida so‘z bordi. Tadbirda yaponiyalik mutaxassislar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘xshashlik xususida to‘xtaldi.

Qayd etilishicha, Yaponiya ishlab chiqarish va davlat boshqaruvi sohasida ulkan yutuqlarga erishgan dunyoning sanoqli davlatlaridan biri. Mazkur yo‘nalishlarda kun chiqar mamlakat tajribasini o‘rganish va ma’qul jihatlarini yurtimizda tadbiq etish foydadan xoli emas.
Davra suhbatida akademiya professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, davlat xizmatchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Shuningdek, Xokkaydo universiteti professori, loyiha rahbari Masato Xivatari Farg‘ona viloyatida mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirishga ko‘maklashish loyihasi mazmun-mohiyati xususida ma’ruza qildi.
Tadbir so‘ngida Akademiya jamoasi xorijlik mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirdi. Tomonlar hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishdi.
G.Sattorova O‘zA