Munosabat
So‘nggi yillarda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash va turmush darajasini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Eng muhimi, barcha islohotlar markazida inson manfaati turibdi. Ya’ni har bir qaror, har bir dastur avvalo odamlarning daromadi, bandligi, yashash sharoiti va kelajakka ishonchini mustahkamlashga qaratilgan.

Qolaversa, hududlarni rivojlantirish masalasi faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki aholi bandligi, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ta’lim va tibbiyot imkoniyatlarini kengaytirish kabi mezonlar bilan ham baholanmoqda.
Xususan, joriy yil 12-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va 2026-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda belgilab berilgan vazifalar nafaqat raqamlar, balki millionlab insonlar taqdiri, har bir oilaning ertangi kuniga daxldor ekani bilan ahamiyatlidir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Andijon viloyati respublikamizda aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Bugun viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qilmoqda, har yili 80 mingga yaqin chaqaloq dunyoga keladi. Bu raqamlar ortida katta ijtimoiy yuklama, infratuzilmaga bo‘lgan talab va ish o‘rinlari yaratish zarurati turibdi.
Shu bois yig‘ilishda yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer samarali ishlashi, har bir investitsiya loyihasi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishi va barqaror ish o‘rinlari ta’minlashi shartligi alohida ta’kidlandi. Bu esa, shunchaki iqtisodiy vazifa emas, balki adolatli taqsimot va oqilona boshqaruv mezoni sanaladi.
Jumladan, viloyatda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion so‘mga yetib, 6,8 foiz o‘sish ta’minlangan. Sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sish qayd etilgan. Biroq, 2026-yil uchun belgilangan 8 foizlik iqtisodiy o‘sish, 3,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va 1,5 milliard dollarlik eksport ko‘rsatkichlari bizdan yanada yuqori samaradorlikni talab qiladi.
Bu raqamlar qog‘ozda emas, amalda yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari va yangi imkoniyatlarga aylanishi kerak. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan 489,5 ming aholini band qilish, ishsizlikni 3,6 foizga, kambag‘allikni 2,4 foizga tushirish vazifasining belgilab berilganligi ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Yuqorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash orqali Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahri ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi. Shuningdek, og‘ir toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allik kamida ikki barobarga qisqartiriladi.
Qolaversa, mikrosanoat markazlar, qishloq va olis mahallalarda qayta ishlash korxonalari hamda sovitkichli omborlar barpo etish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Paxtachilikda ilg‘or “76x10” sxemasini joriy etish, intensiv bog‘lar barpo etish, foydalanilmayotgan yerlarni aylanmaga kiritish bularning barchasi samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Viloyatning Oltinko‘l tumanida gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etilishi aholining o‘z tomorqasidan barqaror daromad olishini ta’minlaydi. Natijada, tumanlar ixtisoslashuvi kambag‘allikni qisqartirishning eng ta’sirchan vositalaridan biriga aylanadi.
Yoshlar mamlakatimiz taraqqiyoti va ijtimoiy rivojlanishining eng asosiy drayveri. Ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi loyihalar, shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari faqat shaxsiy rivojlanishga emas, butun jamiyatning kelajagiga olib keladigan ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlaydi.
Bugun Andijon viloyatida 11 ta oliy ta’lim muassasasi va 56 ta texnikum faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyatni oshirish, dual ta’limni kengaytirish va tibbiyot texnikumlari bitiruvchilarini Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish tashabbuslari yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ayniqsa, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tartibining aynan Andijondan boshlanishi bu viloyat yoshlariga bildirilgan katta ishonchdir.
Umuman olganda, har bir loyiha va investitsiya nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish, balki insonlar hayotini osonlashtirish, bandlikni ta’minlash va yoshlar uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Jumladan, viloyatda mikrosanoat markazlari, qishloq xo‘jaligi va tomorqa loyihalari, ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari aholi turmushini yaxshilash va barqaror rivojlanishning amaliy ko‘rinishi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA