Yurtimizda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu vazifalar ijrosini ta’minlashda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27 apreldagi «2022-2026 yillarda Navoiy viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan «Yuksalish» umummilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari G‘ofir Aliyevning fikrlari bilan tanishdik.
– Navoiy viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– bugungi kunda Navoiy viloyatida 2022 yil 9 oy yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmi 49,7 trillion so‘mni, jumladan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 47,7 million so‘m, sanoat mahsulotlari 60,2 million so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 10,8 million so‘m, qurilish ishlari 4,1 million so‘m hamda xizmatlar hajmi 6,4 million so‘mni tashkil etdi.
O‘rganish davomida Vazirlar Mahkamasi qarorining «Yo‘l xaritasi»da belgilangan 105 ta banddan 44 ta bandning ijrosi to‘liq ta’minlangan holda, qolgan 51 ta bandning ijrosi doirasida ishlar olib borilmoqda.
– Davlat dasturi bandlari ijrosi yuzasidan viloyatda qanday kamchiliklar ko‘zga tashlandi?
– Jamoatchilik guruhi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori va Davlat dasturi bandlari ijrosi joylarga chiqib o‘rganilganda, bir qator muammo va kamchiliklar aniqlandi.
«Yo‘l xaritasi»ning 12-bandida «Norasmiy ishlayotgan 17 ming nafar fuqaroning bandligini legallashtirish orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish» bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aniq ma’lumotlar o‘rniga faqatgina «joylarda ishlar tashkil qilinmoqda», degan asossiz ma’lumot taqdim qilinmoqda. Bu esa amalda ularning mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish ishlari o‘ta qoniqarsiz olib borilayotganligini anglatadi.
Shuningdek, «Yo‘l xaritasi»ning 13-bandida belgilangan 2022 yilda 9,7 ming nafar bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari tarkibidan kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida aniq hisob-kitoblar yo‘q. Bitiruvchilarning xohish-istaklari o‘rganilgan, lekin ularning bandligi to‘liq ta’minlanmagan. Faqatgina «xalq ta’limi bilan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilab olindi», degan umumiy ma’lumot berilgan.
– Navoiy viloyatida hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida ishlar qanday bormoqda?
– «Yo‘l xaritasi»ning 18-bandi (davlat dasturining III yo‘nalishi «Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash»)da viloyatda 2022 yilda 4,4 trillion so‘mlik 706 ta hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 9 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish belgilangan bo‘lib, Investitsiya dasturi doirasida qo‘shimcha loyihalar hisobiga jami loyiha qiymati 994,9 milliard so‘mlik (22 foiz) 412 ta loyihaning amalga oshirilishi natijasida 2 ming 516 ta ish o‘rinlari (27 foiz) yaratilgan, xolos.
«Yo‘l xaritasi»ning 35-bandida «To‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga oshirish» ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda bu borada olib borilayotgan ishlar talabga javob bermaydi. Xotin-qizlarni viloyatda yaratilgan tikuv-to‘qimachilik komplekslaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish qoniqarsiz holatda. Xotin-qizlarni kasbga o‘rgatib, ishga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash G‘ozg‘on shahri, Karmana, Qiziltepa, Xatirchi tumanlarida yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada tikuvchilik komplekslaridagi mavjud ish o‘rinlari bo‘sh qolmoqda.
Suv - hayot manbai. bugungi kunda butun dunyoda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammoga aylanib bormoqda. «Yo‘l xaritasi»ning 59.2 bandi (davlat dasturining 165-bandi)da ko‘zda tutilgan ichimlik suvi ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarda tik quduq qazib, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarini joriy yilning 1 sentyabriga qadar yakunlash belgilangan bo‘lsa-da, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas.
Xususan, viloyat bo‘yicha kelgusi besh yilda jami 2 mingta quduq qazish (2022 yilda 350 ta, 2023 yilda 370 ta, 2024 yilda 390 ta, 2025 yilda 420 ta, 2026 yilda 470 ta) rejalashtirilgan. Joriy yilda qazilishi rejalashtirilgan 350 ta quduqlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, 24 mahallada 70 ta, ya’ni bor-yo‘g‘i 20 foiz artezian quduqlari qazilgan, xolos.
Shuningdek, «Yo‘l xaritasi»ning 49-bandi (davlat dasturning 133-bandi)da belgilangan 2022 yilda viloyatda 16 ming 403 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu boradagi ishlar ham talab darajasida emas. 10 ming 700 gektar tomchilatib sug‘orish belgilangan paxta maydonidan 7 ming 737 gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushirilgan bo‘lib, shundan 5 ming 002 gektarda vegitatsiya davrida amalda tomchilatib sug‘orishdan foydalanilmagan. 11 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarida lazerli tekislash belgilangan bo‘lib, amalda qancha maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirilgani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q.
«Yo‘l xaritasi»da «Konimex tumanida chorva mollarini sug‘oradigan yaroqsiz 31 ta tik quduqlarni rekonstruksiya qilish orqali qayta tiklash»ni joriy yilning may oyida amalga oshirish belgilangan bo‘lib, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirish to‘liq amalga oshirilmaganligi sababli ishlar to‘xtab qolgan. Hozirgi kunda «Sarjal» OFY hududidagi «Konimex Sarjal Qosay» MCHJga qarashli «Kalte-qir» otari hududidan 1 ta yangidan 120 metr hamda «Maslahat» otari hududidan 1 ta yangidan 100 metr chuqurlikdagi tik quduqlarni qazish ishlari olib borilmoqda, xolos.
– Qorako‘lchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlar uchun subsidiya berish tartibi borasidagi o‘rganishlar qanday natijalarni ko‘rsatmoqda?
– Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 iyuldagi «Chorvachilik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorining 3-ilovasidagi «Qorako‘lchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlar uchun subsidiya berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom 3-bobiga asosan subsidiya berish uchun taqdim etiladigan hujjatlar to‘liq shakllantirilganligiga qaramasdan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish jamg‘armasining subsidiya mablag‘lari ajratilmagan.
Viloyatda 2022 yilda 50 ming tonna baliq yetishtirish maqsadida 770 ta xonadonda intensiv usulda baliq boqishga mo‘ljallangan basseynlar qurilishi, baliq chavoqlari va omixta yem sotib olinishi uchun Markaziy bank tomonidan garovsiz holda kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan bo‘lsada, amalda kredit ajratilmagan va yo‘l xaritasi to‘liq bajarilmasdan qolmoqda. Natijada joriy yilning o‘tgan davrida 8335 tonna yoki bor-yo‘g‘i yillik rejaga nisbatan 16 foiz baliq iste’molga yetkazib berilgan, xolos.
Darhaqiqat, olib borilayotgan har bir ishimiz va maqsadimiz aholimiz turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan. Zero, odamlarni rozi qilish savobli amallarning eng buyugidir.
A.Bo‘riyev suhbatlashdi, O‘zA