“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan.
Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish, kuydiriladigan chiqindilar ulushini 35 foizga yetkazish, maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizga qisqartirish, “Nol chiqindi” tizimi doirasida maishiy chiqindilarni shaharlardan olib chiqish, qayta ishlash va ulardan ekologik toza energiya va boshqa mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini qamrab olgan klasterlar joriy etish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Ayni damda hududlarga 15 ta zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositasi yetkazib berish rejalashtirilgan. Mazkur texnikalar Yaponiya texnologiyasi asosida Samarqand avtomobil zavodida yig‘ilgan bo‘lib, Yevropa standartlariga to‘liq javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida 300 dona ISUZU rusumli chiqindi yig‘uvchi maxsus texnika xarid qilingan.
Mazkur texnika vositalari Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida sotib olingan va hududlardagi sanitar korxonalarga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda.
Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilgan. Bu o‘z o‘rnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilab, aholiga xizmat ko‘rsatish hajmini 16 foizga oshirishga hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA