Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlardagi yoshlar faoliyati o‘rganilmoqda
14:42 / 2025-12-04

Shu kunlarda Yoshlar ishlari agentligi direktori boshchiligidagi ishchi guruh respublikamiz bo‘ylab yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

O‘rganishlar davomida yoshlar uchun ta’lim va tadbirkorlik yo‘nalishida yaratilgan imkoniyatlar hamda ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan bir qator manzillarda amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Xususan, ular Jizzax va sirdaryolik yoshlar bilan uchrashishdi.

Dastlab Jizzax shahridagi "AsiaSchool" o‘quv markazi faoliyati o‘rganildi. Bu yerda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy ta’lim dasturlari va markazning faoliyati bilan tanishildi.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili G‘allaorol tumanidagi Yoshlar markazi bo‘ldi. Yangi ochilgan markazda IT, kutubxona, xorijiy tillar, tikuvchilik, payvandlash, hunarmandchilik va buxgalteriya kurslari tashkil etilgan.

Shuningdek, Mirzacho‘l tumanidagi bir qator yoshlar uchun yaratilgan ob’ektlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Tashrif davomida Do‘stlik tumanida yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlari, ularning mehnat jarayoni hamda ekinlardan olinayotgan daromad o‘rganildi.

Shu bilan birga, ishchi guruh Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida joylashgan “Way to English” ingliz tiliga ixtisoslashgan o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur markazga “Ko‘mak” loyihasi orqali 130 million so‘m ssuda mablag‘i ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda u chekka hudud yoshlari uchun muhim ta’lim maskaniga aylangan.

Shundan so‘ng ishchi guruh Mirzaobod tumanidagi “Ibrat farzandlari” o‘quv markazi hamda novvoychilik bilan shug‘ullanayotgan yosh tadbirkor Murodjon Tursunov faoliyati bilan ham tanishdi. Murodjon o‘z faoliyati orqali nafaqat oilasiga daromad manbai yaratgan, balki mahalladagi 3 nafar ishsiz yoshning bandligini ham ta’minlagan.

Yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika ishchi guruhi mas’ullarining mamlakatimiz bo‘ylab o‘rganishlari davom etmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA