Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlardagi sa’y-harakatlar deputatlar e’tiborida
11:13 / 2025-06-09

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarma va tashkilot mutasaddilari ishtirok etdi va kun tartibidagi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan viloyat hududlaridagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, Yangiyo‘l, Chinoz, O‘rta Chirchiq tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama etildi. 

Shuningdek, Nurafshon shahrining transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasini ishlab chiqishda qisqa va o‘rta muddatlarda qurilishi va ishga tushirilishi rejalashtirilgan muhim ob’ektlar faoliyatining transport ehtiyojiga talabi inobatga olindi. Belgilangan joylarda “Aqlli svetofor” tizimini joriy etish orqali piyodalar va haydovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratiladi. 

Sessiyada Olmaliq shahrida ham jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini ko‘rsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, harakat tarkibini barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtobuslar bilan yangilash borasidagi vazifalar ham ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilishicha, Olmaliqda 2031 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar negizida Brutto-shartnoma asosida faoliyat yurituvchi 3 ta avtobus yo‘nalishlari, 42 ta mikroavtobus yo‘nalishlarini joriy etish rejalashtirilgan. Shaharning janubiy va shimoliy qismida joylashgan turar joy va  ishlab chiqarish ob’ektlarini o‘zaro bog‘laydigan muqobil yo‘l qurish maqsad qilinmoqda. 

Sessiyada har bir masala atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Deputatlar amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha fikr bildirdi. 

A.Musayev, O‘zA.