Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, davlatlar o‘z aholisining qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun donorlar soni har 1000 kishiga 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi lozim. Mamlakatimizda esa bu raqam qariyb 7,5 nafarni tashkil qilmoqda.
Poytaxtimizdagi «Texnopark» majmuasida o‘tkazilgan Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta ko‘chma donorlik kompleksi – maxsus avtobuslarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda ana shular haqida so‘z yuritildi. Yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish, buning uchun hududlarda sifatli qon komponentlarini yig‘ish ishlarini samarali tashkil etish lozimligi alohida qayd etildi.
Hududlarga taqdim etilgan "ISUZU HC40" rusumli avtotransport vositalari negizida tayyorlangan ushbu ko‘chma donorlik majmualari esa bu borada ayni muddao bo‘ldi. Aytish kerak, mazkur avtobuslar maxsus muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo‘ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o‘zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
– Zamonaviy tibbiyot qanchalik taraqqiy etmasin, hozircha inson qonining to‘laqonli muqobili yaratilgani yo‘q, – deydi Respublika qon quyish markazi direktori A’lonur Saidov. – Ayni sababdan donorlik masalasi hamisha dolzarb. O‘tgan 2022 yil yurtimizda 120 tonna sifatli donor qoni tayyorlanib, qon zaxiralarining 3/1 qismi hududlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Biroq bugungacha joylardagi qon xizmatlarida maxsus avtobuslarning yo‘qligi ishni sifatli tashkil etishga to‘sqinlik qilayotgan edi.
Prezidentimizning 2022 yil 9 avgustda qabul qilingan «Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi qarori esa bu borada ayni muddao bo‘ldi. Ushbu ko‘chma donorlik komplekslari soha xodimlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
O‘zA