Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlardagi onkologiya markazlarida qanday muammolar bor?
14:00 / 2025-03-03

Yakunlangan hafta so‘ngida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, turli soha ob’ektlari faoliyatini o‘rgandilar, fuqarolar bilan muloqot qildilar.

Xususan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari asosiy e’tiborni aholi va tibbiyot muassasalarining arzon hamda sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish hamda aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishga qaratdilar.  

Shu maqsadda joylardagi sog‘liqni saqlash tashkilotlari, dorixonalar va tibbiyot muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududlardagi filiallari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Jumladan, fraksiya rahbari R.Mahmudova Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filiali faoliyati bilan yaqindan tanishib, bemorlar holidan xabar oldi. Mazkur tibbiyot muassasasi 320 o‘ringa ega bo‘lib, voha aholisiga samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Autsorsing orqali bemorlarni uch mahal oziq-ovqat bilan ta’minlash, tibbiy sug‘urta va elektron qabul tizimlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘rganishlar doirasida kasalliklarni erta aniqlash profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, onkologiya markazida davolash, diagnostika, dori vositalari bilan ta’minlanganlik holati tahlil qilindi.

Muassasadagi nur apparatlarining qayta quvvatlash muddati yaqinlashgan, immunogistoximiya (IGX) tekshiruvi uchun reaktivlar xarid qilish zarur. Markazda amalga oshirilayotgan Distansion nur terapiya jarayonini davom ettirish uchun nur chiqaruvchi manbani almashtirish va 1 yillik servis to‘lovi (360 million so‘m) talab etilmoqda. Bir necha bor mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratish so‘ralganiga qaramasdan, bu masala yechimini topmagani ma’lum bo‘ldi. Fraksiya rahbari aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini va ularni doimiy nazoratga olishini bildirdi.  

Deputat Shuhrat Yakubov esa Jizzax viloyati onkologiya dispanserida bo‘lib, muassasada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini o‘rgandi. Markaz davolash va diagnostika hamda dori vositalari bilan ta’minlanganlik masalalari tekshirildi.  

Deputat Maqsud Qurbonboyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro viloyati filialidagi sharoitlar, muammolar hamda takliflarni o‘rgandi.  

Uchrashuvda deputat tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasi, davolash jarayoni va bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. U shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashib, muassasa faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohazalarni tingladi. Muassasadagi mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ish olib borishini bildirdi.  

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Jonibekova boshchiligidagi ishchi guruh Respublika onkologiya radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filiali faoliyati bilan tanishdi.

O‘rganishlar jarayonida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish, skrining jarayonlarini samarali tashkil etish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy qilish holati hamda kadrlar salohiyati va markazning moddiy-texnik bazasiga alohida e’tibor qaratdi.  

65 o‘rinli ushbu filial ayni vaqtda yuzdan ortiq bemorga samarali xizmat ko‘rsatmoqda. Tibbiyot markazidagi moddiy-texnik baza imkoniyatlari aholi soniga nisbatan yetarli emasligi, onkologik kasalliklarni aniq diagnostikalash va davolashda muhim bo‘lgan zamonaviy tibbiy uskunalar hamda kimyoviy preparatlar bilan ta’minlash zarurligi aniqlandi.

Mazkur o‘rganishlar onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, muammolarni aniqlab, ularni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA