Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlardagi madaniyat va istirohat bog‘lari muammolari
15:17 / 2021-08-13

Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi tomonidan “Hududlardagi madaniyat va istirohat bog‘lari: muammolar va ularning yechimlari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov hududlarda istirohat  bog‘lari,  madaniy maskanlarni yanada obod qilish,  aholining ma’naviy hordiq olishi uchun qulayliklar yaratish haqida gapirdi.  

bugungi kunda mamlakatimizda 247 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 59 tasi Madaniyat vazirligi tasarrufida, qolganlari xususiy tadbirkorlar hamda turli davlat organlarining balansida turadi.

Ayni paytda mazkur bog‘larning 182 tasi faoliyat olib boradi va ularda jami 1 ming 820 ta attraksion va o‘yin qurilmalari mavjud bo‘lib, shundan 731 tasi yirik va 1 ming 89 tasi kichik attraksion va o‘yin qurilmalari hisoblanadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan respublikamizdagi madaniyat va istirohat bog‘larining bugungi kundagi holatini o‘rganish maqsadida maxsus reydlar tashkil etildi.  

Aksariyat istirohat bog‘larida chiqindilar to‘planib qolishi, daraxtlarning qarovsiz va sug‘orilmasligi oqibatida qurib qolayotgani, bog‘larda sug‘orish tizimining mavjud emasligi, aholi dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani aniqlandi.  

Davra suhbatida istirohat bog‘laridagi o‘rindiqlar qoniqarsiz ahvoldaligi, chiqindilar uchun maxsus qutilar yo‘laklarda kamida har 40 metrga emas, 100 metrgacha masofada, katta qutilar esa har 800 metr kvadrat maydonga o‘rnatilmagan va chiqindilar o‘z vaqtida bog‘ hududidan olib chiqib ketilmagani kabi holatlar ko‘zga tashlanishi kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.  

O‘z navbatida, har bir hududlardagi bog‘larning holati bo‘yicha mahalliy Kengashlardagi doimiy komissiyalarda eshituvlarni tashkil etish, sessiyalarga tanqidiy tahliliy ma’lumolar kiritish, hududlarda mahalliy byudjet mablag‘lar hisobidan istirohat bog‘lari va xiyobonlarni to‘liq ta’mirlash hamda ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha mablag‘larni ajratish, istirohat bog‘lari va xiyobonlarning maqomini o‘zgartirish, soha bo‘yicha mutaxassislarni jalb etgan holda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, istirohat bog‘lari va xiyobonlarda innovatsion ishlanmalarga asoslangan loyihalarni joriy etish, chiqindilarni tartibli joylashtirish va ularni yig‘ish, daraxtlarni sug‘orishda jamonaviy tomchilatib sug‘orish usullarini amaliyotga keng joriy etish, daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida ularni xatlovdan o‘tkazish va maxsus chiplarni joylashtirish, bog‘larda hududning iqlimiga mos daraxtlarni ekishni tashkil etish kabi bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.  

 

D.Mamatova, O‘zA