Davlatimiz rahbarining yoshlarga berayotgan e’tibori va alohida g‘amxo‘rligi tufayli ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat kabi barcha sohalarda katta samaradorlik kuzatilmoqda.
Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlarida «Yoshlar oyligi» doirasida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida «Yoshlarimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi harbiy orkestrining musiqiy sadolari ostida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi doirasida boshlangan forumda yosh harbiy xizmatchilarning harbiy sohaga oid innovatsion g‘oyalari va ishlanmalari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Jumladan, yosh ijodkor harbiylar chop etgan kitob va she’riy to‘plamlar taqdimoti, «Yoshlar kutubxonasi» hamda «Mard askarga sovg‘a» rukni ostida nashr etilgan badiiy adabiyotlar ko‘rgazmasi bilan davom etdi.

Forumning asosiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi va yoshlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Uchrashuvda Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar taqdimot qilindi. Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yuqori cho‘qqilarga erishgan yosh harbiy xizmatchilar, faxriylar va mehmonlar ham faol qatnashib, bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari uchun berilayotgan imkoniyatlar xususida fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

Tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi faollarining yosh harbiylar bilan jonli muloqoti tashkil etildi.

Uchrashuv yakunida buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, To‘maris hamda jadidchilik harakati namoyondalarining hayot va ijodiga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar hamda konsert dasturi namoyish etildi.

Mamlakatimizda «Yoshlar oyligi» davom etmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA