Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda yo‘l va infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlarning muammolarini hal etish zarur
09:44 / 2024-02-01

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Xususan, 2023 yilda Andijon viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,1 foizga va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 5 foizga o‘sgan.  

Investitsiya dasturlari doirasida Andijon viloyatida 641,8 million dollarlik 432 loyiha ishga tushirilib, 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Toshkent viloyatida 958 million dollarlik 763 loyiha ishga tushirilishi natijasida 23 ming 296 yangi ish o‘rni yaratilgan.  

Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi. Andijon viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari”ning 2023 yildagi ijrosi hamda Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati muhokamasi jarayonida Andijon viloyatida 802 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani ta’kidlandi. Toshkent viloyatida aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilib, natijada Ohangaron, Toshkent va Zangiota tumanlari yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.  

Shu bilan birga, majlisda hududlarda amalga oshirilgan ishlar bilan birga o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi qayd etilib, viloyatlar hamda vazirlik va idoralarning mas’ul rahbarlari axborotlari eshitildi.  

Xususan, Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari” ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi. Shahrixon tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldig‘i yil boshiga nisbatan o‘sgani, soliq to‘lovchilarning byudjet oldidagi muddati o‘tgan qarzdorligi Baliqchi, Jalaquduq, Marhamat va Xo‘jaobod tumanlarida oshgani hamda Paxtaobod, Bo‘ston va Oltinko‘l tumanlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan ish o‘rinlaridan samarali foydalanilmaganiga e’tibor qaratildi.  

Toshkent viloyatida esa tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish borasida ham muammolar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining soni kamaygan, onlayn-auksion savdolarga chiqarilgan bo‘sh turgan yer uchastkalaridan vakolatli tashkilotlar tomonidan kelishish yoki xulosa berish muddatlari buzilgan. Nazorat organlari tomonidan tadbirkorlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda tartib buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan hamda Piskent, Bo‘ka tumanlari va Ohangaron shahrida murojaatlar soni oshgan.  

Muhokama yakunlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflarni bildirdi. Andijon viloyatida xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda yo‘l va infratuzilmani yaxshilash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashga e’tibor qaratish lozim.  

Toshkent viloyatida esa tadbirkorlarning muammolarini doimiy o‘rganib borish va ularni hal etish choralarini ko‘rish, investitsiyalarni jalb qilishda mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish darkor.  

N.Abduraimova, O‘zA