English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda
12:26 / 2024-10-28

Avtomobil yo‘llari milliy iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda bu sohaga alohida e’tibor qaratilib, ish ko‘lami va sifati oshirib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, yo‘l xo‘jaligi tizimi yanada takomillashtirildi. Xususan, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya uchun mas’ullar aniq belgilab qo‘yildi, buyurtmachi va pudratchi funksiyalari bir-biridan ajratildi. Yo‘llarni ilmga asoslanib, zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga e’tibor kuchaydi.  

Hududlarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?  

 Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentimizning 2023 yilda Surxondaryoga qilgan tashrifi davomida mas’ullarga viloyatning yettita tumanidan kesib o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi 4R100 “Manguzar q.-Jarqo‘rg‘on sh.-Bandixon q.-Oltinsoy q.-Denov sh.” avtomobil yo‘lining 11 – 126-kilometrlari oralig‘ini ta’mirlash topshirig‘i berilgan bo‘lib, uning ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi hamda uning tarkibidagi korxonalar tomonidan keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.  

Xususan, ayni kunlarda Muzrabot tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan ushbu yo‘lning 49 – 64-kilometrlari oralig‘idagi eski asfalt qoplamasi qo‘porilib, uning o‘rniga qum-shag‘al aralashmasi to‘shalib, zichlash va asfaltga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. O‘nlab maxsus texnika hamda ishchi-xodimlar ishtirokidagi jarayonlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.  

Ma’lumki, Boysun tog‘li maskan sanaladi. Shu bois ham hududda tez-tez va kuchli yog‘ingarchiliklar, tabiiy ofatlar kuzatiladi. Hududda ushbu jarayonlar salbiy oqibatlar keltirib chiqarishining oldini olish va bartaraf etish ishlariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu jarayonga Boysun tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.  

Ayni maqsad hamda 2024 yilgi “Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish” dasturiga asosan shu kunlarda korxona ishchi-xodimlari tomonidan Davlat ahamiyatidagi 4R105 b) “Darband q.-Boysun sh.-Elbayon q.” (Sayrob qishlog‘iga) avtomobil yo‘lida tabiiy ofat yuz berishi natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu bilan mazkur avtomobil yo‘lidan o‘tuvchi haydovchi va yo‘lovchilar, mahalliy aholi hamda mehmonlarga qulaylik yaratilyapti.  

“Tashabbusli byudjet” orqali katta umidlar bilan o‘z taklifini ilgari surgan Buxoro viloyatining Vobkent tumani “Shakarkent” MFY aholisi ovoz to‘plash jarayonida ancha faollik ko‘rsatdi. Qishloqlarning ichki 2,3 kilometr masofasi davlat byudjetidan yangidan asfalt bo‘lishini kim ham xohlamaydi deysiz. Bugungi kunda tuman aholisi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, infratuzilma holatini yaxshilash borasida Vobkent tumanida ham samarali ishlar olib borilmoqda.  

“Tashabbusli byudjet” jarayoni orqali 3 ming 500 ta ovoz yig‘ilishi natijasida 2350 metr masofadagi ushbu mahallaning Og‘are, Kaltarabod va Rome qishloqlari ichki yo‘llari asfaltlashtiriladi. Shu bilan birga, Shofirkon tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan joriy yil yog‘ingarchilik mavsumida korxona balansidagi 4N 246 “Boltaboyev.q — Qing‘irtepa.q — Chuqur.q” avtomobil yo‘lining (14— 20) km lari oralig‘ida tabiiy ofat natijasida yuzaga kelgan muammolar bartaraf etilib, to‘liq asfaltlashtirildi.  

Shuningdek, joylarda kuz va qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari avjida. Respublikamiz hududidagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini saqlash, yo‘l va undagi sun’iy inshootlarning uzoq muddat xizmat qilishi hamda avtomobil transportining xavfsiz harakatlanishi uchun yuk avtomobillarining vazn parametrlarini nazorat qilish bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan transport vositalarining vazn parametrlarini nazorat qilish punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Jizzax Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tasarrufidagi “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Jizzax filiali tomonidan 4R38 “M39 avtoyo‘li (962 km) Uchtepa q. – Jizzax sh. – G‘allaorol q. – M39 avtoyo‘li (1013 km)” avtomobil yo‘lining 10 – 18-km oralig‘ida joriy ta’mirlash ishlari yakunlandi.  

Namangan viloyatida davlat va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar bilan bir qatorda ichki ko‘chalarning ravon bo‘lishi hamda aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida bir qancha amaliy ishlar bajarilmoqda. Xususan, Namangan tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi yo‘lsozlari tomonidan tumanning “Sho‘rqo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan Yangiobod ko‘chasining 735 metr qismida asfalt bosilib, joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.  

Transport nazorati inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV JXX YHXB va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda yuk transport vositalarining avtomobil yo‘llarida belgilangan me’yordan ortiq yuklama bilan harakatlanishiga qarshi nazorat-reyd tadbirlari olib borilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tegishli qonunchilikka asosan katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishda me’yorlar belgilangan. Mazkur me’yorlardan ortiqcha yuk bilan harakatlanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi hamda transport vositasi saqlash uchun vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.  

Hududlarda yo‘llarni obodonlashtirish ishlari davom etadi.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA