Ohangaron tumani hududida tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, A–373 avtomagistral yo‘lining tuman hududidan o‘tgan qismi bo‘ylab investitsion loyihalarni joylashtirish va yo‘l infratuzilmasidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu kabilardan biri “RESOURCE CENTER” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan yuk avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish loyihasidir. Ayni paytda mazkur loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Uning umumiy qiymati 40 milliard so‘mni tashkil etib, bino zamonaviy talablar asosida jihozlanyapti. Markaz ishga tushgach, yuk avtomobillariga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi, bu esa avtomagistral orqali harakatlanayotgan transport vositalari uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Ushbu loyihani joriy yilning o‘zida ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 50 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholining bandligini ta’minlash, ularning daromad manbalarini oshirishga muhim hissa qo‘shadi.
Shuningdek, mazkur yo‘l bo‘yida tadbirkor Charosxon Abdullayeva tashabbusi bilan umumiy ovqatlanish hamda maishiy savdo shoxobchalarini tashkil etishga qaratilgan yirik loyiha doirasida qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Ayni paytda ob’ektning poydevorini qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Jarayonlar belgilangan me’yor va talablar asosida amalga oshirilib, kelgusida zamonaviy, qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida aholi hamda yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar uchun qulayliklar yaratish, sifatli xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 600 million so‘mni tashkil etadi. Majmua ishga tushirilgandan so‘ng kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu esa mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, ularning daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qurilish ishlarini joriy yilning o‘zida yakunlash va ob’ektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu sa’y-harakatlarning amalga oshirilishi nafaqat xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, balki hududning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va yo‘l bo‘yi servislarini rivojlantirishga ham salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozir hududda 1 ming 918 tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davrda tumanning ishbilarmonlik muhitini yana rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar qilindi. Investitsiya dasturi doirasida bugungacha yangi 877 ta ish o‘rni yaratildi. Bu kabi tashabbuslar tizimli ravishda davom etadi.
A. Musayev, O‘zA.