Respublikamizning barcha hududlarida joriy yil 15 iyuldan 15 avgustga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jamoat tartibini saqlashga mas’ul xodimlar, shahar va tuman IIB boshliqlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamkorligida mazkur oylik doirasida barcha mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanib, targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari jarayonida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tungi nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– Mas’ul xodimlarning sa’y-harakatlari natijasida Samarqand–Buxoro yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, “Onix” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan karmanalik 29 yoshli fuqaroning yonida 3,5 gramm oq rangli, kukunsimon giyohvand moddasi borligi aniqlandi, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.– Shuningdek, Konimex tumanida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida tumanda yashovchi fuqaro 99 gramm o‘tkir hidli, “Marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddani 3 million so‘mga sotayotganda ushlandi. Shundan so‘ng, ushbu fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 2 kg 774 gramm “Marixuana” giyohvandlik moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor-profilaktik oylikka biriktirilgan xodimlar tomonidan Nurota tumanida ham tadbirlar o‘tkazilib, 2 nafar fuqaro 16 gramm miqdoridagi yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli “Marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddani 1,2 million so‘mga sotayotganda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.
Joylarda olib boriladigan manzilli tezkor-profilaktik tadbirlar jarayonida karmanalik 59 yoshli fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning tomorqa ekinlari orasida 11 tup marixuana o‘simligini noqonuniy tarzda ekib, parvarishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 1990 yilda tug‘ilgan qiziltepalik ayol o‘zi yashab turgan xonadon tomorqasida 76 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi va o‘simlik poyalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, xolislar ishtirokida yo‘q qilindi.
Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol esa tanishidan shaxsiy ma’lumotlarni tarqatib, sharmanda qilmaslik evaziga 700 million so‘m pul berishini talab qiladi va ushbu pulning 50 million so‘mini olayotganda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olinadi. Hozirda, aniqlangan yuqoridagi holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga o‘tkazilgan nazorat-reydlar davomida jami 475 ta tig‘li va hayot uchun xavfli bo‘lgan boshqa buyumlar aniqlanib, dalolatnoma asosida rasmiylashtirilib olindi va holat yuzasidan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolar o‘rtasida oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilgan holda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, xavfsiz muhit yaratishda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida yo‘riqnomalar tashkil etildi.
Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlar orqali xonadonlarga borilib, ularning mavjud muammolari o‘rganilib, bartaraf etish ishlari samarali amalga oshirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri