Markaziy bank rahbariyati vakillaridan iborat ishchi guruh Buxoro viloyatidagi to‘lov xizmatlari bozorida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasi va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishga doir ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat bank tizimi xodimlari bilan uchrashuvlar davomida to‘lov infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuvda to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, xususan, kontaktsiz QR-kod to‘lov texnologiyasi, to‘lovlarni 24/7 rejimida amalga oshirish haqida atroflicha axborotlar berilib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, ayniqsa, chekka hududlarda ham masofaviy bank xizmatlarini ommalashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, to‘lov tizimi infratuzilmasidagi terminallarning doimiy ishchi holatda bo‘lishi va undan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarning yetarliligi yuzasidan joylarga chiqilib, tadbirkorlar bilan suhbatlashildi. Suhbatlarda yirik savdo ob’ektlari hamda aholi gavjum joylarga o‘rnatilgan bankomatlar tarmog‘i to‘lov xizmatlari iste’molchilari talablarini qondirishi borasida ham aholi fikri o‘rganildi.
O‘zA