French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda tibbiy xizmatlar sifati ortmoqda (+video)
19:04 / 2026-02-19

Qaror va ijro

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash tizimi so‘nggi yillarda keng ko‘lamda takomillashtirildi. Joylarda mavjud infratuzilma yaxshilanib, inson resursi va xalqaro hamkorlik bo‘yicha ham yuqori yutuqlarga erishildi. Natijada ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatidan fuqarolar mamnun.

Ayniqsa, joylardagi sifatli diagnostika, tezkor tibbiy yordam, hamda elektron navbat tizimining samarali joriy etilgani bunga yorqin misoldir. Shu bilan birga, tumanlardagi tibbiyot muassasalarida murakkab jarrohlik amaliyotlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani quvonarlidir.  

Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyatida ham tibbiy sug‘urta tizimi joriy etildi. Bunda imtiyozli toifadagi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’zolari hamda oila a’zolarining jon boshiga oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarning a’zolari jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari davlat jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Aynan bu kabi qulayliklar bemorlarning uzoqqa bormay o‘zi yashayotgan hududda davolanishiga xizmat qilyapti.  

Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi ham oxirgi yillar mukammal ta’mirdan so‘ng xorij davlatlaridan keltirilgan  zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Hozirgi vaqtda bu yerda 15 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilyapti. Shifoxona jarrohlik bo‘limida 2 nafar malakali shifokor faoliyat olib boradi. O‘tgan davrda xodimlar, hamshiralar Ozarbayjon, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarda malaka oshirib, olgan bilimlarini amalda qo‘llayapti.  

Oliy toifali shifokor Abduqodir Sulaymonovnig aytishicha, 2025-yilda mingdan ortiq operatsiyalar o‘tkazildi. Ularning ko‘pi bepul bo‘lib, bu orqali bemorlarga qulaylik yaratildi. Joriy yil boshidan beri esa 37 tadan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar qilindi. Endilikda tumanimiz aholisining poytaxt va viloyat shifoxonalariga borib davolanishiga ehtiyoj yo‘q. Barchasini tuman darajasida davolash ishlari samarali olib borilyapti. Shu bilan birga, qo‘shni hududlardan ham murojaat qilayotganlar juda ko‘p.

– Avvallari qo‘ltiqtayoq bilan ham yurolmasdim, salomatligimni tiklash uchun ko‘p bor boshqa joylardagi shifoxonalar va tabiblarga ham qatnaganman. Biroq to‘liq davo topmadim. Menga qo‘yilgan jarrohlik amaliyoti puli qimmat edi. Lekin Oqqo‘rg‘ondagi malakali shifokorlar meni davolab, oyoqqa turishimga ko‘maklashdi. Bundan juda xursandman, – deydi 57 yoshli bekobodlik Mahbuba opa Turdibekova.  

Umuman olganda, bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettirgan holda viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va ularning uzog‘ini yaqin qilish soha mutasaddilari oldidagi turgan vazifa bo‘lmoqda.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/B65Pivt4lXI" title="Hududlarda tibbiy xizmatlar sifati ortmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abdulaziz Musayev (video, surat), O‘zA