Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda suv ta’minotidagi muammolar qanday hal etilmoqda?
16:26 / 2025-12-17

Suv resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini barqaror suv bilan ta’minlash mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan. Ayniqsa, hududlardagi nasos stansiyalari faoliyati, elektr energiyasi sarfi va texnik holati fermer xo‘jaliklari ish samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois, mazkur masalalarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topish maqsadida mas’ul rahbarlar ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev yetakchiligida ishchi guruhning  Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlar va suv iste’molchilari bilan tashkil etilgan sayyor qabul ulardan biridir.

Viloyat va tuman darajasidagi suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, sohaviy mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etgan ushbu uchrashuvda sohadagi o‘zgarishlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalarga keng urg‘u berildi.

Xususan, qabul davomida mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, nasos stansiyalarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda suvdan tejamkor foydalanish texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, hududlarda sohaviy nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sayyor qabul jarayonida fermerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar amaliyot bilan bog‘liqdir. Nasos agregatlarini ishlatishda elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish, mavjud uskunalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish masalalari dolzarb. Shundan kelib chiqib, tadbirda ayrim nasos stansiyalarida mavjud texnik nosozliklar suv ta’minoti barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida barcha murojaatlar mutasaddi tashkilotlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, joyida o‘rganish ishlari tashkil etilishi qayd etildi. Shuningdek, zarur ta’mirlash va tiklash tadbirlarini amalga oshirish hamda fermer xo‘jaliklarini uzluksiz suv bilan ta’minlash bo‘yicha soha mas’ullariga aniq vazifalar yuklatildi.

Aytish kerakki, sayyor qabullar natijasida suv xo‘jaligi sohasidagi muammolarni bevosita joylarda o‘rganish, fermer va suv iste’molchilari bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda qabul qilinayotgan qarorlarning amaliy ijrosini ta’minlashga erishilmoqda. Bu esa hududlarda suv ta’minotining barqarorligini oshirishda eng muhim vazifadir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA