Islohot odimlari
Yurtimiz hududlarida sanoatni jadal rivojlantirish, korxonalar muammolarini tezkorlik bilan hal etish orqali mavjud quvvatlardan oqilona foydalanish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining va sanoat tarmoqlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirishga keng imkoniyatlar yaratilgan.
Bu mavjud sanoat salohiyatini saqlab qolgan holda ishlab chiqarishning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy ta’sirini kuchaytirish, takror ishlab chiqarish jarayonini jadallashtirishdagi imkoniyatlarni kengaytirish yo‘lida muhim asos hisoblanadi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va diversifikatsiyalash innovatsion taraqqiyot bosqichida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 avgustda e’lon qilingan «Hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori sanoat korxonalari bilan ishlashning «respublika – viloyat – tuman» tamoyili asosida «vertikal tizim»ini yaratib berdi.
Ma’lumki, jahon mamlakatlarida iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatida sanoat korxonalari boshqaruvi amaliyotiga innovatsion loyihalarni joriy etish orqali yangi iste’mol qiymatlarini yaratish, sanoat korxonalarining ishlab chiqarish samaradorligini, moliyaviy barqarorligini ta’minlash, milliy iqtisodiyot tarmoqlarining global raqobatbardoshligi va innovatsion rivojlanish indeksi ko‘rsatkichlarini oshirishga ustuvorlik qaratilib kelinmoqda.
Shu ma’noda hukumatimiz tomonidan 2030 yilga borib Global innovatsion indeks xalqaro reytingi ko‘rsatkichlari tizimida jahonning yetakchi 50 ta mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish bo‘yicha uzoq muddatli strategik vazifasi belgilangan.
Bugungi kunda tizimni to‘liq va samarali ishlatish maqsadida hududlar 270 dan ziyod salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirilib, ishlar tizimli yo‘lga qo‘yildi. Respublika bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan jami 112 mingta sanoat korxonalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Natijasida esa respublika darajasidagi 400 dan ortiq, tuman va viloyat darajasidagi 4 mingdan ziyod muammolar hal qilindi.
Jumladan, elektr/gaz ta’minoti, kredit ajratish/muddatini uzaytirish, soliq, ombordagi mahsuloti sotishga ko‘maklashish, ruxsatnoma/litsenziya va boshqa shu kabi muammolar hal qilindi.
Ta’kidlash joizki, jahon miqyosida iqtisodiy, moliyaviy, ekologik xavf-xatarlarning global miqyosda avj olib borishi natijasida bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan va rivojlanayotgan mamlakatlarda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, bosqichma-bosqich yuqori texnologik, raqobatbardosh tovarlarni ishlab chiqarish, eksport qilishga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
Yurtimizda o‘tgan davr mobaynida faoliyat ko‘rsatmayotgan minglab sanoat korxonalarining juda ko‘plabi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilib, ma’lum summadagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati tiklandi. Ushbu korxonalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida 7 mingta ish o‘rinlari ochildi. Shu bilan birgalikda «nol» hisobot topshirgan 2 mingdan ziyod korxona faoliyati tiklanib, ishlab chiqarishga jalb etildi.
Yuqoridagi natijalarni hisobga olib aytish mumkinki, sanoat korxonalari samaradorligini oshirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari yurtimizda ilg‘or yo‘lga qo‘yilgan. Pirovardida, imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, mehnat qilgan shaxs jamiyatga va yurt taraqqiyotiga daxldor bo‘lib boraveradi.
Quvonchbek Mustafoyev,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
departament direktori o‘rinbosari.
O‘zA