French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda sanitariya-gigiyena shoxobchalari va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar bisyor 
16:51 / 2024-08-07

Mamlakat imijining o‘lchov mezonlari qatorida turizm sohasi alohida o‘rin tutadi. Bunda, xususan, xorijliklarning mamlakatni borib ko‘rishga bo‘lgan qiziqishi, mahalliy shart-sharoitlar, tabiatning go‘zalligi va inson qo‘li bilan yaratilgan diqqatga sazovor joylarning mavjudligi e’tiborga olinadi.

Turizm qo‘mitasi mas’ullari va tegishli vazirlik, idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan hududlar kesimida o‘rganish olib borilmoqda. Barcha turizm ob’ektlari, aeroport, vokzal, avtoshohbekatlar hamda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida umumfoydalanishdagi sanitariya-gigiyena shoxobchalarining yetarli darajada tashkil qilingani, ularning sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirilmoqda. 

Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev boshchiligida o‘rganishlar yuzasidan hamda ishchi guruhlarga amaliy va uslubiy yordam berish maqsadida yig‘ilish o‘tkazildi. 

O‘rganishlar davomida mutaxassislar respublika bo‘yicha jami 377 ta turistlar tashrif buyuradigan ob’ektga, 72 ta umumta’lim maktabiga tashrif buyurgan. 

Muntazam ravishda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va tashabbuslar natijasida o‘tgan 2018-2023 yillar davomida turistik ob’ektlar, aholi gavjum joylar va yo‘l bo‘ylarida respublika bo‘yicha 8,7 mingta sanitariya-gigiyena shoxobchasi holati yaxshilanishiga erishilgan. Ularning 4,6 mingtasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 4,1 mingtasi zamon talablari asosida qayta ta’mirlangan. Biroq, respublika bo‘yicha yana 6-7 mingta zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchasiga talab mavjudligi aniqlandi. 

400 ga yaqin turistlar tashrif buyuradigan ob’ekt, bozor, aeroport, vokzal va avtoshohbekatlarga bevosita tashrif davomida ularning sanitariya-gigiyenik holati va ularda nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun “to‘siksiz muhit” yaratilganlik holati tekshirib ko‘rilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. 

Bu yilgi o‘rganishlar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham qamrab olindi va har bir hududdagi 5-6 tadan umumta’lim maktabi, jami respublika buyicha 70 dan ortiq maktabning sanitar holati, ulardagi hojatxonalar holati o‘rganildi. 

Ma’lumki, har bir hududdagi mavjud turizm ob’ekti hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilishi va kapital ta’mirlanishi rejalashtirilayotgan sanitariya-gigiyena shoxobchalari Sog‘likni saqlash vazirligining tegishli me’yoriy hujjati hamda Qurilish vazirligining tegishli shaharsozlik normalari va qoidalari asosida qurilishi zarur. 

Shuningdek, hududiy hokimliklar va mas’ul idora, tashkilotlar tomonidan yurtimiz avtomagistral yo‘l bo‘ylarida serviz xizmatlarini me’yoriy talablar asosida yo‘lga qo‘yish, avtomagistral yo‘llarning har 15 km o‘ng va chap tomonlarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, atrof-muhitga va insonlar salomatligiga ta’sir etmaydigan, qonunda belgilangan tartibda talabgor tadbirkorlarga maqbul bo‘lgan yer maydonlarini ajratib, hojatxonalar qurilishini ta’minlash lozim. 

O‘rganishlar davomida ko‘p qurilish-loyiha hujjatlari ushbu me’yoriy talablar asosida olib borilmagani yoki loyiha kamchiliklar bilan foydalanishga qabul qilinayotgani, bazilari esa to‘g‘ri taqdim etilishiga qaramasdan qurilish ishlarida loyihadan va yuqoridagi me’yoriy hujjatlardan umuman foydalanilmagani kuzatildi. Bu esa insonlar, mamlakatga kelayotgan sayyohlar va jamiyatimizda mavjud bo‘lgan imkoniyati cheklangan shaxslarning servis xizmatlaridan foydalanishida qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. 

Ishchi guruh tomonidan savdo markazlarida yoki ular tasarrufidagi avtoturargoh hududlarida foydalanuvchilar uchun ham hojatxonalar tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha “Korzinka”, “Makro”, “Baraka” market va “Havas” savdo riteylerlari mas’ullari bilan muzokaralar o‘tkazish orqali zamonaviy hojatxonalarni ko‘paytirish borasida tavsiyalar berildi. 

Toshkent shahridagi mavjud va yangidan qurilishi rejalashtirilayotgan metro bekatlari hududida barcha me’yoriy talablar asosida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish taklifi ilgari surildi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA