Yangi qaror
“Kreativ iqtisodiyot”, “kreativ industriya” kabi tushunchalar mamlakatimizda ham tobora ommalashib bormoqda. Yurtimizda 2024-yil 3-oktabr kuni “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun imzolangan edi. Kreativ iqtisodiyot – ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek, innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan tarmoq sanaladi.
Shu ma’noda bugun yurtimizda kino, dizayn, axborot texnologiyalari, marketing, hunarmandchilik kabi ko‘plab ijodiy sohalar rivojiga keng imkoniyatlar yaratilib, ayni yo‘nalishda faoliyat yurituvchilar uchun zarur infratuzilma va imtiyozlarga ega maxsus hududlar tashkil etilmoqda.
Kreativ industriya sohalarini qo‘llab-quvvatlash va “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan 2030-yilga qadar kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foiz, ya’ni 145 trillion so‘mga yetkazish, kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlar eksportini 1 milliard AQSH dollardan oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ish o‘rinlarini 500 mingtaga yetkazish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga tegishli Toshkent shahri Shayxontohur tumani Forobiy ko‘chasida joylashgan bino va hudud negizida 2026-2027-yillarda Kreativ industriya park infratuzilmalari davlat xususiy sherikligi asosida tashkil etiladi.
Bunda sayr etish, dam olish va hordiq chiqarish, art-ob’ekt va monumental san’at asarlari hududlaridan iborat yashil bog‘lar, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida nufuzli xalqaro maktab, buk-kafe, sport va vorkaut maydonchalari hamda mehmonxonalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, badiiy ijodkorlar paviloni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari va kavorking markazi ham tashkil etiladi. Kino va videomahsulotlar ishlab chiqarish zonalari hamda ovoz yozish studiyalari ham shular jumlasidan sanaladi.
Yana bir muhim jihat: jamg‘arma bilan kelishilgan holda ijodkorlar va kreativ kompaniyalar uchun zamonaviy ekologik makon – Kreativ industriyalar korpusi tashkil etiladi. Kreativ park hududi ochiq jamoat makoni sifatida xavfsizlik, inklyuzivlik va ekologik tozalik talablariga javob bergan holda 24/7 rejimida faoliyat yuritadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA