Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda ma’naviyat sektorlari tashkil etiladi
11:26 / 2023-12-24

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ammo, bugun dunyoda ro‘y berayotgan iqtisodiy, mafkuraviy, g‘oyaviy qarama-qarshiliklar, shu bilan birga, taraqqiyot sur’atlarining shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani erishilgan natijalar va to‘plangan boy tajribamizdan kelib chiqqan holda belgilangan maqsadlarni yana bir bor qayta ko‘rib chiqishni taqazo etmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz boshchiligida ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligiga mas’ul rahbarlar ishtirokida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat masalalarining bugungi holati tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ustuvor vazifalar belgilab olindi. 

Sababi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga qarab rivojlanayotgan davlat va jamiyatlarda ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarning to‘g‘ri tashkil qilinganligi muhim rol o‘ynaydi. Xususan, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqadilar.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur ekanligi ta’kidlandi. 

Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, keyingi yetti yillikda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimi yaratildi.

“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Milliy an’analarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya san’ati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 5 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.

Sohaning mustahkam iqtisodiy asoslarini yaratish maqsadida 2016 yilga nisbatan mablag‘ ajratish ko‘rsatkichi 5,6 barobardan ziyodga oshirildi. Xususan, bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p – 134 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bunday iqtisodiy imkoniyatlarning yaratilganligi, ushbu yo‘nalishda talab va ehtiyoj yuqori bo‘lgan kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.

Shuningdek, uchrashuvda soha rivoji uchun alohida Prezident qarori qabul qilinishi, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochilishi hamda “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etilishi bildirildi. Madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati oshirilib, tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushiriladi. Hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilib, ular joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish va rivojlantirish kuchaytiriladi.

Shu bilan birga, jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga to‘lanayotgan qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ular 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi. Musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligi oshirilib, ushbu maktablarning kommunal xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.

Xulosa qilib aytganda Prezidentimiz boshchiligida belgilab olingan maqsad va vazifalar, avvalo, oilada, qolaversa, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish imkoniyatini yaratib beradi.

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA