O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Hududlarda kooperatsiyalar tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yilda kamida 30 ta tumanda yetakchi tadbirkorlik sub’ektlariga dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari hamda aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik yo‘nalishlari) kooperatsiya asosida ishlab chiqarish (yetishtirish), mahsulotlarni xarid qilish uchun 500 milliard so‘m kredit ajratiladi.
Qaror bilan mahallalarda kooperatsiya tizimini tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini ko‘paytirish va ishsizlikni bartaraf etishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
mahallalarning ixtisoslashuv yo‘nalishlarini aniqlash, ixtisoslashuvni kengaytirishga doir yangi loyihalarni amalga oshirish;
aholining doimiy daromad olish manbalarini yanada ko‘paytirish, o‘zini o‘zi band qilib ishlashini kengaytirish choralarini ko‘rish;
mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan tashabbuskorlarni biznes asoslariga o‘rgatish;
aholi tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga qarashli yerlardan samarali foydalanish, daromadliligini yanada oshirish, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskuna va xomashyo bilan imtiyozli kreditlar asosida ta’minlash, shuningdek, ishlab chiqarilgan (yetishtirilgan) mahsulotlarni sotishga ko‘maklashish jarayonlarini tashkil etish uchun kooperatsiya asosida tadbirkorlik sub’ektlarini biriktirish;
tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish va faoliyatni monitoring qilib borish, yetishtiriladigan mahsulotning (ko‘rsatiladigan xizmatning) bozorini topishda yordam berish.
Qarorga ko‘ra:
a) kooperatsiya faoliyatida mahallalar ixtisoslashuviga mos bo‘lgan, xonadonlarni kooperatsiya asosida yuqori darajada qamrab oladigan, tegishli mahallalarda o‘z biznesini rivojlantirish dasturiga ega bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etadi;
b) kooperatsiya asosida aholining daromad olish manbaini oshirish uchun kooperatsiya tashkil etadigan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga bank kreditlari uchun foiz xarajatlari bir qismining qoplab berilishi nazarda tutiladi. Bunda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasidan 4 foizli punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 milliard so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha hudud toifasidan kelib chiqib, asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga “1+2” tamoyili asosida kompensatsiya taqdim etiladi;
v) kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektiga ishsiz yoki daromad olish manbaini ko‘paytirish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan tuzilgan kooperatsiya shartnomalari bo‘yicha quyidagicha miqdorlarda kredit ajratiladi:
30 tagacha shartnoma tuzadigan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga 1 milliard so‘mgacha;
30 tadan 100 tagacha shartnoma tuzadigan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga 3 milliard so‘mgacha;
101 tadan ortiq shartnoma tuzadigan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga 5 milliard so‘mgacha. Bunda bir nafar fuqaro bilan bitta kooperatsiya shartnomasi tuziladi hamda ishsiz fuqarolar belgilangan tartibda tadbirkorlik sub’ekti, dehqon xo‘jaligi yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim;
g) kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga:
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit summasining 50 foizi miqdorigacha umumiy tartib asosida kafillik beriladi;
kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqaro tomonidan ishlab chiqarilayotgan (yetishtirilayotgan) mahsulotlarni sotib olish yoki shartnomaga asosan fuqaroga oylik ish haqi to‘lash sharti belgilanadi.
O‘zA