Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda ishbilarmonlik faolligining o‘sishi kuzatildi
18:12 / 2024-07-23

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hududlardagi tadbirkorlik faoliyatining keng qamrovli monitoringini taqdim etdi. Unga ko‘ra, iyun oyida O‘zbekistonda soliq va bojxona tushumlari, tashqi savdo operatsiyalari va korxonalar soni kabi asosiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi bilan ifodalangan iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyalari kuzatildi. Bu ishbilarmonlik muhitining faollashishi va mahalliy tadbirkorlik tashabbusining kengayishini aks ettiradi.

– Tadbirkorlik faoliyati tahlili har oyda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlari bo‘yicha kompleks monitoringning tezkor ma’lumotlari asosida hisoblanadi, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Sultonmurod Ozodov. – Ma’lumotlar Bojxona va Coliq qo‘mitalari, Markaziy bank va O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi tomonidan taqdim etiladi. Umuman olganda, respublika bo‘yicha soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,5 foizga o‘sdi. Bu esa iqtisodiy faoliyatning kengayishini ko‘rsatmoqda.  

Soliq tushumlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida qayd etildi.  

Daromad solig‘i (18 foiz), mulk solig‘i (38 foiz) va yer solig‘i  (31 foiz) kabi asosiy soliq manbalarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.  

Bojxona tushumlari 14,5 foizga oshdi, bu tashqi iqtisodiy faoliyat faollashayotganidan dalolat beradi.  

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bojxona tushumlarining eng ko‘p o‘sishi Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida mos ravishda 2,7 va 2,2 barobar, Buxoro viloyatida esa 65 foizga qayd etilgan.  

Ushbu o‘sish transport uskunalari va butlovchi qismlari, texnik jihozlar, metall va metall buyumlar, elektrotexnika va butlovchi qismlari kabi bir qator asosiy tovarlar uchun import qilinadigan mahsulotlar hajmining oshishi bilan bog‘liq.  

Joriy yil boshidan buyon mahsulot eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshdi. Eksportning eng yuqori o‘sishi quyidagi hududlarda kuzatildi: Surxondaryoda 58,8 foizga, Navoiyda 55,1 foizga, Qashqadaryoda 38,1 foizga va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 31,3 foizga.  

Yil boshidan buyon tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 9,5 foizga oshdi.  

Kredit berishning eng katta o‘sishi Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuzatildi.  

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 32,4 foizga o‘sdi. Birja faolligining eng ko‘p o‘sishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,2 barobar, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida 2 baravarga kuzatildi.  

Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, texnik chigit, qurilish va maishiy materiallar, dizel yoqilg‘isi, benzin, bug‘doy, mineral o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlarni sotish hajmining oshishi hisobiga ta’minlanmoqda.  

O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi tadbirkorlik sub’ektlari soni 41,4 mingtani tashkil etdi.  

Eng ko‘p yangi korxona va tashkilotlar Toshkent shahrida, Samarqand hamda Xorazm viloyatlarida ro‘yxatga olingan.  

Shunday qilib, kompleks monitoring ma’lumotlari soliq va bojxona tushumlari, eksport va kreditlash hajmlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi faollik sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakat hududlarida ishbilarmonlik faolligining o‘sishini anglatadi.  

M.Qosimova, O‘zA