Joriy yilning 15-17 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruh ushbu xizmat safarida hududlarda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Dastlab ular Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘ldi. Bugungi kunda monomarkazda 600 nafardan ortiq tinglovchi turli yo‘nalishlarda kasb-hunar o‘rganmoqda.
Ularning 43 nafari nogironligi bo‘lgan fuqarolardir. Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, o‘tgan yili monomarkazda 161 nafar nogironligi mavjud tinglovchilar sartaroshlik, tikuvchilik, hamshiralik, oshpazlik kurslarini tamomladi. Ulardan 32 nafari mavjud subsidiya imkoniyatlaridan foydalangan holda, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ishchi guruhi tomonidan fuqarolar bilan ularni qiynayotgan muammolar va tizimga taalluqli bo‘lgan yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan sayyor qabul ham o‘tkazildi.
Ishchi guruh Urganch shahri Feruz mahallasidagi “Urganch milliy tikuvchilik” oilaviy korxonasi faoliyatini o‘rgandi. Hozirgi vaqtda ushbu tikuvchilik uyida jami 16 nafar ayol mehnat qiladi. Ularning 12 nafari nogironligi mavjud ayollardir. Tashkil etilgan ochiq muloqotda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi mavjud, ishga ishtiyoqi baland xotin-qizlar safini yanada oshirishga e’tibor qaratildi.
Agentlik direktori raisligida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan ishlashdagi jarayonni to‘g‘ri tashkil qilish yuzasidan ochiq savol – javob shaklida suhbat bo‘lib o‘tdi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mas’ullari bilan ijtimoiy nafaqalar tayinlash jarayonini takomillashtirish yuzasidan fikrlar almashildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA