Bugun Toshkent shahrida “Hududlarda barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish bo‘yicha salohiyatni oshirish” mavzusida seminar-treningning ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy mas’ullar, ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) prezidenti, AQSHning Kolumbiya universiteti professori Jeffri Saks va boshqalar so‘zga chiqib, global miqyosda barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishdagi dolzarb masalalar, xususan, O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari hamda hududiy monitoring tizimlarining ahamiyatini alohida qayd etdi.
Seminarda BRMning mazmun-mohiyati va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Jumladan, mamlakatimiz umumiy BRM indeksi bo‘yicha dunyo reytingida 62-o‘rinni egallab, 73,1 ball ko‘rsatkichiga erishgan. Bu natija mintaqaviy o‘rtacha darajadan (72,0) yuqori bo‘lib, 2015 yildan buyon +12,1 ballik o‘sish qayd etilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayevning qayd etishicha, mamlakatda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, hududiy monitoring tizimini takomillashtirish, raqamli texnologiyalar va statistik vositalarni joriy etish juda muhim.

– Hududlar kesimida BRMni samarali monitoring qilish borasidagi imkoniyatlarni kengaytirish nafaqat milliy darajada, balki xalqaro miqyosda ham ma’lumotlarni muvofiqlashtirish uchun muhim asos hisoblanadi. Biz xalqaro sheriklar bilan o‘zaro ishonch va manfaatlar asosida hamkorlikni kuchaytirishga tayyormiz,– dedi U.Obidxo‘jayev.
Professor Saks O‘zbekiston tomonidan BRMga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholar ekan, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi.
– O‘zbekiston so‘nggi yillarda barqaror rivojlanish sohasida ulkan yutuqlarga erishmoqda. Bu jarayonda hududiy ma’lumotlar va aniq monitoring mexanizmlari juda muhim ahamiyatga ega. Biz ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz, – dedi professor.
Tadbir doirasida BRM monitoring platformalarini yaratish, geoma’lumotlar va zamonaviy statistik vositalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligi va yer resurslaridan samarali foydalanish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Seminar yakunida tomonlar hududlar kesimida BRMni monitoring qilishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qo‘shma loyiha bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA