Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda
12:03 / 2025-07-23

Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida hududlarda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar uchun qulayliklar yaratish hamda tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini oshirish jarayonlarini o‘rganmoqda.

Muammolarni o‘rganish va ularni hal etish natijasida tizimda sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Endilikda nafaqat chekka hududlardagi, balki viloyat markazidagi tibbiyot xodimlari joylarga chiqib, jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari Vobkent tumanidagi “Paxtakor” oilaviy shifokorlik punktida bo‘lib, aholi, xususan bolalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi. Endokrinolog, kardiolog, nevropatolog, ortoped, okulist, bolalar jarrohi va pediatr singari shifokorlar 100 nafarga yaqin bolani ko‘rikdan o‘tkazdi.

– Bizning hududda 8407 nafar aholi yashaydi. Shundan 3229 nafari bolalar bo‘lib, 48 nafari “D” nazoratida. Bugungi tibbiy ko‘rik bolajonlar uchun juda foydali bo‘ldi. Hozirda hududda 4 ta tibbiy brigada faoliyat yuritmoqda. Bu kabi tashriflar tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi “Paxtakor” OSHP mudiri Nafisa Hamroyeva.

Xuddi shunday tibbiy ko‘rik Jondor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 19-oilaviy poliklinikada ham o‘tkazildi. Ko‘rikda nogiron bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar, surunkali va tez-tez kasallanuvchi bolalar qamrab olindi.

Shifokorlar tomonidan 196 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Tekshiruvlar davomida qirqdan ortiq kasallik aniqlandi. Shundan 38 nafar bola ambulator davolanadigan bo‘ldi. 7 nafar bola esa statsionar davolanish uchun tuman va viloyat shifoxonalariga yo‘naltirildi.

Bunday keng qamrovli tibbiy ko‘riklar bolalar salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolashda muhim ahamiyatga ega.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.