Farg‘onada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni “bir qadam” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini Andijon va Farg‘ona viloyatlari misolida nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish yakunlari”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari Farg‘ona shahridagi 5-oilaviy poliklinikada bo‘lib, kasallik varaqasi berish xonasi, rentgen xonasi, muassasaning dori-darmon bilan ta’minlanish holati, ochiq byudjet orqali sotib olingan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ko‘zdan kechirdi hamda poliklinikada tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Qo‘mita raisi Yelena Borisova boshchiligidagi ishchi guruh Qo‘shtepa tumanida ham bo‘lib, tibbiyot birlashmasiga qarashli konteynerda yangi jihozlangan “Qumtepa” mahalla tibbiyot punktiga tashrif buyurdi. Bu yerda ular shifokor va hamshiralar bilan uchrashib, muammo va takliflarni o‘rgandi.
Respublika shoshlinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali majlislar zalida davom etgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining 2022 yilga mo‘ljallangan Ish rejasida joriy yil Davlat dasturini bajarish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi holati Farg‘ona va Andijon viloyatlari misolida o‘rganildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, respublikamizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashib bormoqda. Onalar va bolalar o‘limining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish bo‘yicha sezilarli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. So‘nggi yillarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati tubdan o‘zgarib, yangi oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari tashkil etilmoqda.
Farg‘ona viloyatining 3 million 890 mingdan ortiq aholisiga bugungi kunda 19 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 127 ta oilaviy poliklinika hamda 84 ta oilaviy shifokor punkti tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmati ko‘rsatib kelinmoqda. 2021 yilda 6 ta oilaviy poliklinika, 10 ta oilaviy shifokor punktlari hamda joriy yilning o‘tgan davri davomida 4 ta oilaviy polikilinika va 6 ta oilaviy shifokor punkti tashkil etildi.
Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 12-13 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlarga binoan, 2022 yil yakuniga qadar 101 ta birlamchi tibbiy punkti faoliyatini qayta tashkil etish belgilangan. Shu bilan birga, Quvasoy shahar hamda 15 ta tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli bo‘lgan olis va chekka xududlardagi 70 ta mahallaga maxsus jihozlangan konteynerlar yetkazib berilgan.
[gallery-8964]
Yig‘ilishda har ikkala viloyatda ham Prezident farmon va farmoyishlari, 2022 yil dasturida belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan qayd etildi. Shuningdek, bu yo‘nalishda mavjud kamchiliklarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi bildirildi.
Muqimjon QODIROV(surat), O‘zA