Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududlarda 10 ming nafar tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi
15:38 / 2021-04-09

Muhtaram Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida klinik ordinaturada o‘qitishning yangi tizimini joriy etib, kelgusi o‘quv yildan qabul kvotasini ikki baravarga oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlari bejiz emas, albatta.

Endilikda taklif etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘quv jarayonining ma’lum qismini oliygohlar va ixtisoslashgan markazlarda, ma’lum qismini esa ish joyida davom ettirilishi bo‘yicha zarur huquqiy asoslar yaratiladi.  

Darhaqiqat,  umumiy amaliyot  vrachi bo‘lmasdan turib, tibbiyot sohasining yaxshi mutaxassisi bo‘lish mushkul. Buning uchun avvalo o‘qib o‘rganish, tajriba orttirish shuningdek, hayotimizning turli sohalaridagi  muammo va kamchiliklar, yo‘limizda katta g‘ov bo‘lib turgan to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida  birlashib, kengashib ish ko‘rmoq kerak.  

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ishning katta kichiligiga qarab emas, muhimlik darajasini inobatga olib,  vijdon amri bilan bajarish har birimizning qalb xitobimizga aylanmog‘i lozim.  

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik.  Tibbiyotning  quyi tizimida shu kungacha  mavjud bo‘lgan ish uslubi, qay darajada o‘zini oqlay oldi. Kun sayin aholi salomatligi  himoyasi yo‘lida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, xususan tibbiyot tizimidagi tor mutaxassisliklarga bo‘lgan talab va ehtiyoj qanchalik dolzarblik kasb etmoqda.

Tan olish kerak hozirgi kunga qadar respublikamizda tor mutaxassislar magistratura va  klinik ordinatura orqali tayyorlanib kelinmoqda. Sababi Respublikamizda tor mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash asosan klinik ordingatura orqali amalga oshiriladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunda hududlarda 10 ming nafar tor doiradagi mutaxassislar  yetishmaydi. Bu esa mazkur soha faoliyatida tub burilish payti bo‘lganligiga ishoradir.

Bo‘lib o‘tgan videselektor yig‘ilishida masalaga  jiddiy  yondashib, muammoning  dolzarbligidan kelib chiqqan holda ishga yangicha munosabat davri kelganligi aytildi.

 Haqiqatdan ham hozirgi kunda nafaqat respublikamiz poytaxti Toshkent shahridagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ixtisolslashgan markazlarda, balki butun viloyat va tumanlarda ham tibbiyot sohasida moddiy texnik bazalar tubdan o‘zgartirilmoqda. Ayni kunda deyarli barcha hududlarga yangi, zamonaviy tibbiy texnikalar kirib keldi. Klinik ordinatorlarning xududlarda o‘qish va amaliyot jarayonlarini olib borishlari uchun  maxsus laboratoriyalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.  Shuning uchun bu yo‘nalishda tahsil olayotgan klinik ordinatorlar o‘z mutaxassisliklari  bo‘yicha amaliyotlarini xududlarda o‘tab kelmoqdalar.  

Barcha tibbiy oliy o‘quv yurtlari va ixtisoslashgan markazlarda klinik ordinatorlar tayyorlash umumiy kvota asosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, viloyatlarda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib maqsadli kvota o‘rinlari ajratilmoqda.

Bu borada Toshkent tibbiyot akademiyasi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanib, 43 ta mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha yiliga 220-250 nafar klinik ordinatorlarni tayyorlab beradi.  

Akademiyaga berilgan grant asosidagi o‘rinlarning deyarli barchasi viloyatlardagi  ehtiyojdan kelib chiqqan holda maqsadli o‘rinlar uchun ajratilgan.  Maqsadli o‘rinlar uchun qabul qilingan shifokorlar o‘zaro shartnoma tuzib, o‘qish tugagandan keyin 3 yil mobaynida o‘sha xududda ishlab kelganidan  keyingina diplom berilmoqda.  

Shundan ham ko‘rinib turibdiki, viloyatlarda tor mutaxassislarga bo‘lgan talab va  ehtiyojdan kelib chiqqan holda ko‘proq maqsadli grant o‘rinlarining ajratilishi bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Maqsad, ordinatura kvotasini  ikki marotaba oshirish evaziga aholiga yaqin va qulay bo‘lgan tibbiyot xizmatining zamonaviy va  hammaboplik kasb etadigan yangi  sifat darajasiga erishish.  

 Bu maqsadlarimizga bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, vijdon amri va vatanga sadoqat ruhidagi halol mehnatimiz bilan yetishimiz mumkin.

GULCHEHRA MIRZAEVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi