Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan respublikaning barcha hududlarida 30-mart — “Xalqaro chiqindisiz dunyo uchun” (World Zero Waste day) kuni munosabati bilan ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi.
— Atrof-muhitni chiqindilardan tozalash har doim, har qaysi faslda ham dolzarb vazifalardan biri hisoblangan, deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarina Abdullayeva. — Chunki chiqindilarni zararsizlantirish, ularni qayta ishlash, ya’ni chiqindini foydali xomashyoga aylantirish ekologiyani toza saqlashda muhim hisoblanadi. “Chiqindisiz dunyo uchun!” plogging eko-aksiyasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, ularni saralash tizimini yo‘lga qo‘yish va qayta ishlash bo‘yicha ekologik madaniyatni oshirish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarish modellarini targ‘ib qilish, chiqindilarni aylanma iqtisodiyotning muhim bo‘lagi sifatida qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Plogging eko-aksiyasi davomida 7 ta jamoa o‘zaro bellashdi, ya’ni hududni turli chiqindilardan tozaladi. Tadbir mobaynida jami 1,5 tonna chiqindi yig‘ildi. Plogging yakunida g‘oliblar va aksiyada faol qatnashgan ishtirokchilar taqdirlandi.

Qayd etish lozimki, respublika miqyosida o‘tkazilgan aksiyada 8 ming nafardan ortiq ishtirokchi faol qatnashib, hududlar 228,1 tonna chiqindidan tozalandi.

Shuningdek, aksiya yakunida Toshkent dengizi sohili hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbiri tashkil etilib, soha mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari, talabalar va yosh ekofaollar ishtirokida 50 tup manzarali ko‘chat o‘tqazildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA