Farg‘ona shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida an’anaviy Farg‘ona viloyati hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi.
Sanoat yarmarkasining ochilish marosimida Qirg‘izistonning Botken viloyati va Tojikistonning Sug‘d viloyati rasmiylari, Respublikamizning turli viloyatlari va qo‘shni davlatlardan kelgan tadbirkorlar, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, yarmarkaning sanoat rivoji, xalqaro hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Import o‘rnini bosuvchi eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlarni ko‘paytirish, buning uchun o‘zaro tajriba almashish zarurligi, bu borada esa mazkur yarmarka muhim maydon bo‘lishini ta’kidladi.
– Oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Farg‘onada yaqin kelajakda sanoat mahsulotlari uchun ko‘rgazmalar markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Unda xalqaro hamkorlar ham faol ishtirok etadi. Bu esa viloyatimizda sanoatni rivojlantirishda tarixiy qadam bo‘ladi, — dedi viloyat hokimi.
Shuningdek, tadbir davomida sanoat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yetakchi korxonalar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
"Eng yaxshi sanoat korxonasi" nominatsiyasiga “UzSungwoo” AJ munosib topildi. "Eng yaxshi mahalliylashtirilgan mahsulot" nominatsiyasi “To produce and sell construction” MCHJ ga nasib etdi. "Eng yaxshi elektrotexnika sanoati mahsuloti" nominatsiyasi esa "Blue Carbon” MCHJ ga taqdim etildi.
E’tiborli jihati, so‘nggi yillarda viloyatda ishlab chiqarish, investitsiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qo‘llab-quvvatlanishi natijasida yangi korxonalar ishga tushirilmoqda. 2024 yilda viloyatda 162 ta mahalliylashtirish loyihalari amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 175 ta loyiha ishga tushiriladi. Mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda 251 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 40 million dollarlik mahsulot eksporti rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar yurtimiz hamda viloyatdagi to‘qimachilik va ipakchilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, neft-gaz, qurilish materiallari, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, istiqbolli loyihalar hamda mahalliylashtirish orqali sanoat kooperatsiyasiga taklif etilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalarni ko‘zdan kechirdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
[gallery-23962]
E’tiborlisi, ushbu hududiy sanoat yarmarkasida 200 dan ortiq korxonalar o‘zlarining mingdan ziyod mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Yangi turdagi qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oliy o‘quv yurtlarining ishlanmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldiryapti. Yarmarka doirasida tadbirkorlar o‘rtasida yangi loyihalar taqdimoti, B2B shaklidagi uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi 20 iyunga qadar o‘z ishini davom ettiradi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA